Samarqand shahrida “Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlarning barqaror va adolatli taraqqiyoti sari yo‘l” mavzusidagi butunjahon sammiti o‘z ishini boshladi. Ushbu nufuzli xalqaro tadbirning ochilishi munosabati bilan mamlakat rahbari Shavkat Mirziyoyev ishtirokchilarga maxsus tabrik yo‘lladi va unda bolalar huquqlari hamda ularni ijtimoiy muhofaza qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tabrik matnida BMT, YUNISEF, Jahon banki va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tuzilmalarga hamkorlik uchun minnatdorlik bildirildi.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, bolalar farovonligini ta’minlash jarayonida ularning bugungi ehtiyojlarini birinchi o‘ringa qo‘yish eng muhim vazifalardan biridir. Har bir bola mehr, xavfsizlik, sifatli ta’lim va malakali tibbiy yordam olish huquqiga ega ekani, bolaning qadri uning kelajakdagi kasbi yoki daromadi bilan o‘lchanmasligi lozimligi qayd etildi. Shuningdek, bolalikka yo‘naltiriladigan mablag‘lar davlat siyosatida izchil va barqaror o‘rin egallashi zarurligi urg‘ulandi.
O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijasida ona va bola salomatligini muhofaza qilishda sezilarli natijalarga erishilgani ma’lum qilindi. Xususan, maktabgacha ta’lim qamrovi 27,7 foizdan 78 foizga oshgani, oliy ta’lim qamrovi besh baravarga ko‘tarilgani ta’kidlandi. Shuningdek, oila va bolalar ehtiyojlarini erta aniqlash tizimi orqali bolalar kambag‘alligi qariyb to‘rt baravarga qisqargani va yetim bolalarning 100 foizi oila bag‘rida tarbiyalanayotgani qayd etildi.
Sammit doirasida bolalar salomatligi, xususan, bolalar onkologiyasi yo‘nalishida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, raqamli muhitda bolalar xavfsizligini ta’minlash hamda kiberbullingga qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi. Prezident Samarqand platformasini amaliy muloqot mexanizmi sifatida shakllantirishdan manfaatdor ekanini bildirib, barcha rejalashtirilgan tashabbuslar aniq natijalarga xizmat qilishi lozimligini ta’kidladi.
Source: www.gazeta.uz