O‘zbekistonda ta’lim muassasalarining texnik holatini yaxshilash hamda ularga xizmat ko‘rsatish jarayoniga xususiy sektorni keng jalb etish bo‘yicha tubdan yangi mexanizmlar ishlab chiqilmoqda. Ushbu muhim tashabbus haqida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan hukumat soatida ma’lum qildi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatdagi maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlarini ekspluatatsiya qilish masalasi hozirgi kunda o‘ta dolzarb muammolardan biri bo‘lib qolmoqda.
Deputatlar tomonidan ijtimoiy obyektlarni qurish va ta’mirlash sifati yuzasidan ko‘tarilgan haqli e’tiroavlarga javoban, vazir mavjud kamchiliklarni ochiq tan oldi. Ma’lum qilinishicha, muammoni bartaraf etish maqsadida respublika miqyosidagi barcha ta’lim maskanlarini bosqichma-bosqich pasportlashtirish ishlari boshlab yuborilgan. Maxsus loyiha tashkilotlari binolarning muhandislik tarmoqlari, xususan, tomlar, isitish tizimlari, qozonxona uskunalari hamda yoqilg‘i turlaridan foydalanish holatini chuqur o‘rganmoqda.
Olingan tahliliy natijalar asosida kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ta’mirlash ishlari aniqlanib, yangi me’yoriy hujjatlar qabul qilinishi ko‘zda tutilgan. Xususan, ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv servis kompaniyalarini ta’lim muassasalariga ham biriktirish taklifi ilgari surilmoqda. Bu orqali maktab va bog‘chalarning xo‘jalik ishlarini professional darajaga ko‘tarish rejalashtirilgan.
Hozirgi kunda maktab va bog‘chalar xo‘jalik ishlari ko‘pincha muassasaning o‘z xodimlari tomonidan bajarilishi amalda o‘zini oqlamayapti. Ayniqsa, yangi ta’lim maskanlarida o‘rnatilayotgan zamonaviy issiqlik nasoslari va murakkab muhandislik jihozlari malakali yondashuvni talab etadi. Kelgusi yildan boshlab maxsus sertifikatlangan va faqat mutaxassislardan iborat xizmat ko‘rsatuvchi organlar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda.
Source: www.gazeta.uz