Avstraliyalik mustaqil deputat Xelen Xeyns saylovchilar bilan ishlash idorasi yaqinida mashina ostida qolishi natijasida o‘zining ikkala oyogidan ayrildi. Bu haqda uning turmush o‘rtog‘i Fil Xeyns chorshanba kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, dushanba kuni Melburndan shimoli-sharqda joylashgan Vangaratta shahridagi ofis tashqarisida gumonlanuvchi siyosatchini avtomashinada ikki marta urib yuborgan.
Shifokorlar dastlab deputatning chap oyog‘ini amputatsiya qilishga majbur bo‘lishgan, shundan so‘ng o‘ng oyog‘ini saqlab qolish uchun urinishlar muvaffaqiyatsiz yakunlangan va uni ham kesib tashlashgan. Fil Xeynsning ta’kidlashicha, sharoit og‘irligiga qaramay, Xelen tirik va uning ahvoli barqaror bo‘lib turibdi, bu esa ularning oilasi uchun eng muhim tasalli hisoblanadi.
Ushbu og‘ir jinoyatni sodir etishda gumon qilinayotgan 43 yoshli Brendan Nudjent chorshanba kuni sud majlisida ishtirok etdi. Unga nisbatan og‘ir tan jarohatiga sabab bo‘lgan xavfli haydash, qasddan tan jarohati yetkazish hamda davlat xodimiga zarar yetkazish kabi uchta modda bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan. Sud hujjatlariga ko‘ra, shuningdek, uning yonidan nasha giyohvandlik vositasi topilgan va uni yetishtirish bo‘yicha ham ayblovlar qo‘shilgan.
Avstraliya OAV ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchining advokati uning idiopatik transvers mielit deb nomlangan kam uchraydigan nevrologik kasallikka chalingani va ayni paytda miya silkinishidan davolanayotganini da’vo qilmoqda. Avstraliya federal politsiyasi komissari Krissi Barretning aytishicha, tergov organlarida Xeynsga nisbatan biron-bir tahdid haqida oldindan ma’lumot bo‘lmagan. Siyosatchilarga qarshi bunday hujjatlashtirilgan zo‘ravonliklar Avstraliyada kamdan-kam uchrasa-da, so‘nggi yillarda internetdagi tahdidlar ortib borayotgani jamoatchilik xavotirlarini kuchaytirmoqda.
Source: www.aljazeera.com