Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Lissabonning «Benfika» klubi professional futbolchilarni tayyorlash bo'yicha dunyodagi yetakchi markaz maqomini saqlab qolgani xabar qilinmoqda. Xalqaro sport tadqiqotlari markazi (CIES) tomonidan e'lon qilingan yillik hisobotga ko'ra, Portugaliya jamoasi 101,3 ball to'plagan holda yana bir bor birinchi o'rinni egallashga muvaffaq bo'ldi.

Mutaxassislarning tushuntirishicha, reytingni tuzishda futbolchilarning professional klublar asosiy tarkibidagi ulushi hisobga olingan. Bunda jami 49 ta mamlakat chempionatlari qamrab olingan bo'lib, o'yinchi 15-21 yosh oralig'ida klub safida kamida uch mavsum to'p surgan bo'lishi talab etiladi. Shuningdek, bitiruvchining yoshi, maydonda o'tkazgan vaqti va u to'p surayotgan jamoaning saviyasi ham baholanadi.

Taqdim etilgan ma'lumotlarga ko'ra, «Benfika» akademiyasi yetishtirib chiqargan futbolchilarning umumiy soni 93 nafarni tashkil etadi. Qizig'i shundaki, ularning atigi to'rt nafari hozirda lissabonliklar safida harakat qilmoqda, qolganlari esa Yevropaning yetakchi chempionatlari va boshqa jamoalarga tarqalib ketgan.

Reytingning kuchli uchligidan Argentikaning «River Pleyt» va «Boka Xuniors» klublari joy oldi. Ushbu janubiy amerikalik grandlarda ham tarbiyalanuvchilar soni yuqori bo'lishiga qaramay, ularning Yevropaning «katta beshlik» klublaridagi ishtiroki kamroq bo'lgani sababli pastroq ballar bilan kifoyalanishga majbur bo'lishdi.

Source: kun.uz