Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidagi 5,5 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladigan Chim mahallasida keng koʻlamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Hudud infratuzilmasini tubdan yangilash maqsadida jami 55 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilib, zamonaviy qiyofadagi maskanga aylantirildi. Mazkur loyiha doirasida aholining ijtimoiy ehtiyojlarini qondirish uchun qator ijtimoiy obyektlar barpo etildi.
Jumladan, mahallada 240 oʻrinli yangi bolalar bogʻchasi, 640 oʻrinli zamonaviy maktab binosi, shuningdek, mahalla va yoshlar markazlari hamda aholi hordiq chiqarishi uchun istirohat bogʻi qurib bitkazildi. Bundan tashqari, hududda 4,5 kilometrlik yoʻl asfaltlanib, elektr taʼminoti hamda sugʻorish tarmoqlari toʻliq yangidan tortildi va aholiga qulayliklar yaratildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududdagi oʻzgarishlar bilan tanishish maqsadida Chim mahallasiga tashrif buyurib, aholi va yoshlar bilan samimiy muloqotda boʻldi. Davlat rahbari mahalla markazidagi yangi oʻyingohda bolalar va ularning onalari holidan xabar oldi, yoshlar kutubxonasida esa kitobxon yigit-qizlarning maqsad va intilishlari bilan yaqindan qiziqdi.
Muloqot chogʻida Oʻzbek tili bayrami munosabati bilan atoqli ijodkorlar Abdulla Oripov, Erkin Vohidov va Halima Xudoyberdiyeva merosi yodga olindi. Tilimizga, milliy adabiyotimizga va ajdodlarimizdan qolgan boy maʼnaviy merosga boʻlgan ehtirom tobora yuksalib borayotgani, odamlar yana kitob oʻqishga intilayotgani alohida taʼkidlandi.
Shuningdek, Prezident oliy taʼlim tizimidagi qamrov kengayganiga eʼtibor qaratib, ilgari har 100 nafar yoshdan atigi 9 nafari oʻqigan boʻlsa, bugungi kunda bu koʻrsatkich 45 nafarga yetganini qayd etdi. Yoshlarga qaratilayotgan eʼtibor, yaratilayotgan imkoniyatlar kelgusida Vatanni sevadigan, milliy gʻururga ega kadrlarni yetishtirishda muhim poydevor boʻlishi taʼkidlandi.
Hududda aholi bandligini taʼminlash va daromadlarini oshirish borasida ham salmoqli ishlar bajarilgan. Xotin-qizlar bandligini taʼminlashga moʻljallangan gilamchilik va kashtachilik korxonasiga 3,5 milliard soʻm sarmoya kiritilib, 80 dan ortiq ishsiz fuqaroning ishlashi uchun imkon yaratildi. Shuningdek, banklar koʻmagida issiqxonalar va 200 tonnalik muzlatkich tashkil etilib, limonchilik va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish yoʻlga qoʻyildi.
Source: kun.uz