Bundan o'n besh yil muqaddam Sirt shahrida Liviya rahbari Muammar Qazzofiy hukmronligiga qonli nuqta qo'yilgan edi. Mamlakatni o'nlab yillar davomida boshqargan bu shaxs umrining so'nggi daqiqalarida g'azablangan olomondan qochishga majbur bo'lib, o'zini oddiy suv quvuri ichida yashirishga urindi. 2011-yil 15-fevralda Tripolida boshlangan norozilik namoyishlari tez fursatda shafqatsiz fuqarolar urushiga aylanib ketdi va davlatni chuqur bo'hringa tortdi.
Qazzofiy qo'zg'olonchilar nazoratiga o'tgan hududlarni bombalash haqida ko'rsatma bergani aytiladi. Shundan so'ng, G'arb koalitsiyasi kuchlari BMT Xavfsizlik Kengashining bahsli rezolyutsiyasiga tayangan holda, Liviya rasmiylariga qarshi harbiy aralashuvni boshladi. O'sha yilning 22-avgustida qo'zg'olonchilar NATO aviatsiyasi ko'magida poytaxt Tripolini egallashga muvaffaq bo'ldi va natijada Qazzofiy qochishga majbur bo'ldi.
O'zining tug'ilgan shahri bo'lgan Sirtga chekingan sobiq rahbar u yerda ham uzoq tura olmadi. NATO aviazarbalari Sirt shahrini deyarli yer bilan yakson qilib, butunlay vayronaga aylantirgan edi. Shaxsiy qo'riqchilar rahbari Mansur Dauning eslashicha, so'nggi daqiqalarda Qazzofiy xalqaro sudlar uni qidirayotgani va hech qaysi davlat uni qabul qilmoqchi emasligini tushunib, liviyaliklar qo'lidan o'lishni ma'qul ko'rgan.
Liviya Milliy o'tish kengashi vakillari polkovnikning o'limi tasodifiy otishmalar chog'ida yuz berganini da'vo qilishgan edi. Biroq, bu fojiali voqealar mamlakatda uzoq davom etadigan siyosiy beqarorlik, vayronagarchilik va iqtisodiy tanazzulni boshlab berdi. Bugungi kunda ham G'arb aralashuvi keltirib chiqargan oqibatlar Liviya jamiyatini og'ir sinovlardan o'tkazishda davom etmoqda.
Source: kun.uz