Toshkent shahri jamoat transportida yo‘l haqini to‘lamasdan harakatlanish holatlari keskin muhokama qilinmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, bir yil davomida poytaxt avtobuslarida chiptasiz yurgan 113 ming nafardan ortiq yo‘lovchiga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, jami 2,7 milliard so‘mlik jarimalar undirilgan. Transport vazirligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida mutasaddilar ushbu raqamlar faqat aniqlangan holatlarni aks ettirishi, real vaziyat bundan ham jiddiyroq ekanini ta’kidladilar.
Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarovning ma’lum qilishicha, poytaxt avtobuslari kuniga 24 mingta qatnovni amalga oshiradi va rasmiy tekshiruvlar har kuni ming nafardan ortiq fuqaro yo‘l haqini to‘lamasdan yurishini ko‘rsatmoqda. Toshkent shahri transport bosh boshqarmasi boshlig‘i Mirakbar Ikromovning so‘zlariga ko‘ra, chiptasiz yuruvchilar umumiy oqimning 8–10 foizini tashkil etib, ularning 98 foizi 30 yoshgacha bo‘lgan shaxslardir. Qizig‘i shundaki, o‘quvchi va talabalar uchun 50 foizlik imtiyozli kartalar mavjudligiga qaramay, yoshlar orasida intizom pastligicha qolmoqda.
Nazorat mexanizmlarini kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan inspektorlarga avtobus salonining o‘zida ham tekshiruv o‘tkazish vakolati berildi. Ilgari nazoratchilar asosan bekatlarda reyd uyushtirgan bo‘lsa, endilikda ular bodikamera va planshetlar bilan ta’minlangan holda salon ichida ham qoidabuzarliklarni aniqlamoqda. Shuningdek, mas’ullar amaldagi 44 ming so‘mlik jarima miqdorini besh baravarga oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilganini, bu choralar budjetni to‘ldirish uchun emas, balki to‘lov madaniyatini shakllantirishga qaratilganini bildirdilar.
Anjumanda jamoat transportini moliyalashtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Vazir o‘rinbosari Mamanbiy Omarovning tushuntirishicha, 2025-yilda poytaxt jamoat transporti uchun budjetdan 1,8 trillion so‘m ajratilgan bo‘lib, yo‘lovchilar to‘lovlari xarajatlarning atigi uchdan bir qismini qoplagan. Kelgusi yilda esa xarajatlar 2,7 trillion so‘mga yetishi kutilmoqda va tariflar oshganiga qaramay, moliyaviy yukning 60 foizdan ortig‘i baribir davlat zimmasida qolishi ta’kidlandi.
Source: www.gazeta.uz