Internetdagi ko'plab veb-saytlar faoliyatini ta'minlovchi PHP dasturlash tilida aniqlangan yangi xavfsizlik zaifliklari tufayli dunyoning turli mamlakatlari hukumatlari o'zlarining rasmiy resurslarini vaqtincha faoliyatsiz holatga keltirdilar. Ushbu favqulodda chora global miqyosdagi kiberxavfsizlik tahdidlariga qarshi kurashish doirasida amalga oshirilmoqda.
Chorshanba kuni AQSh Milliy xavfsizlik agentligi (NSA) PHP dasturlash tilidagi kamchiliklar sababli ommaviy ogohlantirish e'lon qildi. Ushbu idora mutaxassislari saytlarni darhol yangilash imkoni bo'lmagan taqdirda ularni tarmoqdan uzib qo'yishni tavsiya qildilar. AQSh rejimining go'yo mamlakat xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan bu kabi ko'rsatmalari global miqyosdagi raqamli infratuzilmaning qanchalik zaif ekanini yana bir bor ko'rsatib berdi.
Evropa mamlakatlarida ham ushbu muammo jiddiy xavotirlarga sabab bo'ldi. Xususan, Germaniyaning Raqamli transformatsiya va hukumatni modernizatsiya qilish vazirligi profilaktika chorasi sifatida ba'zi veb-saytlar vaqtincha o'chirilganini ma'lum qildi. Frantsiya Ichki ishlar vazirligi ham mahalliy ma'muriy idoralarning rasmiy sahifalarini faoliyatsizlantirdi. Shuningdek, Belgiya, Niderlandiya, Finlyandiya va Chexiya rasmiylari ham PHP bo'shlig'ini yopish uchun himoya patchini o'rnatish maqsadida o'z saytlarini o'chirishga majbur bo'lishdi.
Kiberxavfsizlik ekspertlarining ta'kidlashicha, «PHP2Shell» deb nomlangan ikkita o'ta xavfli zaiflik sun'iy intellekt modellari yordamida aniqlangan. Calif xavfsizlik firmasi tadqiqotchilari OpenAI bilan hamkorlikda birinchi kamchilikni avgust oyida aniqlagan bo'lsa, Alphabet kompaniyasiga qarashli Wiz firmasi ikkinchi zaiflik haqida xabar berdi. Mutaxassislarning fikricha, mazkur holat dasturiy ta'minot tarixidagi eng jiddiy xavfsizlik muammolaridan biri hisoblanadi va o'nlab yillar davomida sezilmay kelgan.
PHP Foundation notijorat tashkiloti ushbu zaifliklar parolsiz yoki qonuniy akkauntsiz serverlarda masofadan turib zararli kodlarni bajarishga imkon berishini tasdiqladi. Tashkilot vakillari kelgusida sun'iy intellekt vositalari xavfsizlik kamchiliklarini yanada tezroq topishini va bu holat internet xizmatlarining uzluksizligiga jiddiy tahdid solishi mumkinligidan ogohlantirdilar.
Source: www.aljazeera.com