Tanzaniyada yuzlab fillar ozuqa va minerallar izlab, Udzungva togʻlarining qariyb ikki ming metr balandlikdagi yonbagʻirlariga koʻtarilishi odatiy holga aylangan. Ularning ushbu murakkab va qadimiy koʻchish yoʻlini saqlab qolish maqsadida 14 kilometr uzunlikdagi tabiiy yoʻlak rasman qonuniy muhofazaga olindi. Mazkur keng koʻlamli loyiha doirasida 368 nafar yer egasi tegishli kompensatsiya evaziga oʻz yerlarining muayyan qismini ajratib berishga rozi boʻlgan.
Maʼlum qilinishicha, Afrika savanna fillari quruqlikdagi eng yirik sutemizuvchilar sirasiga kirgani bois ularni tik va zich oʻrmonli togʻ yonbagʻirlarida tasavvur qilish qiyin. Biroq A-Z Animals nashrining xabar berishicha, Tanzaniyada mingtagacha fil har yili Udzungva togʻlariga koʻtarilib turadi. Buning asosiy sababi ozuqa va suvning mavsumga qarab turli hududlarda oʻzgarishi boʻlib, qariyb ikki ming metr balandlikda oʻsadigan bambuk qurgʻoqchilik paytida fillar uchun ishonchli ozuqa manbaiga aylangan.
2025-yil aprelida Tanzaniya hukumati Nyerere - Udzungva yoʻlagini mamlakatdagi qonun bilan muhofaza qilinadigan birinchi yovvoyi tabiat koridori sifatida tasdiqlagani aytilmoqda. Uning uzunligi taxminan 14 kilometr, eni esa 200 metrni tashkil etib, Nyerere milliy bogʻi va Magombero oʻrmon qoʻriqxonasini Udzungva-Mauntins milliy bogʻi bilan bogʻlaydi. Shuningdek, loyiha ishlari doirasida mahalliy aholiga jami qariyb 2,2 milliard Tanzaniya shillingi miqdorida kompensatsiya toʻlangani maʼlum qilindi.
Biroq tabiat himoyachilari mazkur saʼy-harakatlarga qaramay, boshqa hududlardagi hayvonlar koʻchish yoʻllarini ham muhofaza qilish zarurligini taʼkidlamoqda. Xususan, mutaxassislar Tanzaniyaning boshqa qismlarida ham shunday yoʻlaklar huquqiy himoyaga muhtoj ekanini va bu boradagi muammolar toʻliq hal etilmaganini qayd etishmoqda.
Source: kun.uz