Germaniya va Yevropaning boshqa davlatlarida PHP dasturlash tilida aniqlangan ikkita oʻta jiddiy xavfsizlik zaifligi sababli davlat idoralari, shifoxonalar hamda qator muhim tashkilotlarning veb-resurslari vaqtincha oʻchirildi. DW nashrining xabar berishicha, oʻn yildan ortiq vaqt davomida mutaxassislar nazaridan chetda qolgan bu kabi nosozliklar sunʼiy intellekt vositalari yordamida aniqlangani xavotirlarni yanada oshirgan.
Joriy yilning 21-oktabr kuni koʻrilgan favqulodda choralar rasmiy tuzilmalarning taʼkidlashicha, saytlarni ehtimoliy kiberhujumlardan himoya qilish hamda tizimlarni yangilashga qaratilgan. Xususan, AQSh milliy xavfsizlik agentligi va Germaniya Axborot xavfsizligi federal idorasi (BSI) shunday profilaktika choralarini zudlik bilan koʻrishni qatʼiy tavsiya qilgan. Biroq, tanqidchilarning fikricha, Yevropa davlatlarining raqamli infratuzilmasi bunday fundamental xatarlarga qarshi ojiz ekanligi yana bir bor yaqqol namoyon boʻldi.
Germaniyada federal IT-xizmatlar provayderi ITZBund hukumatning bir nechta rasmiy saytlarini vaqtincha oʻchirib qoʻyishga majbur boʻldi. Shuningdek, ayrim shahar maʼmuriyatlari va politsiya boshqarmalari ham tizimlarni yangilash bahonasida oʻzlarining onlayn xizmatlarini toʻxtatgan. Xususan, Berlindagi taniqli «Sharite» klinikasi sayti ham maʼlum muddat ishlamay qolgan. Germaniya Raqamlashtirish vazirligi bu harakatlar faqatgina ehtiyot chorasi ekanini va hech qanday salbiy oqibatlar qayd etilmaganini daʼvo qilmoqda, biroq kuzatuvchilar bu kabi ommaviy toʻxtashlarni Yevropa maʼmuriy tizimining qoloqligi deb baholamoqda.
Yevropaning boshqa hududlarida ham shunga oʻxshash vahimali choralar koʻrilgani kuzatildi. Fransiya Ichki ishlar vazirligi zaifliklar toʻliq bartaraf etilguniga qadar prefekturalar saytlarini yopgan boʻlsa, Belgiya Tashqi ishlar vazirligi ham oʻzining barcha onlayn resurslarini vaqtincha oʻchirdi. Niderlandiyada esa Rotterdam porti, Overheid hukumat portali, KNVB futbol assotsiatsiyasi, beshta yirik siyosiy partiya va qator shifoxonalar saytlarining faoliyati majburiy ravishda toʻxtatildi.
Xavfsizlik boʻyicha bunday ogohlantiruvlar Yevropa hududidan tashqariga ham tarqaldi. Xususan, Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaiti sayt egalarini PHP dasturlash tilidan foydalanayotganini zudlik bilan tekshirishga va zarur yangilanishlarni oʻrnatishga chaqirdi. Agar buni tezkor amalga oshirish imkoni boʻlmasa, resurslarni vaqtincha oʻchirib turish tavsiya qilindi. Mutaxassislarning fikricha, ushbu zaifliklar Calif va Wiz kompaniyalari ekspertlari tomonidan Google’ning Gemini hamda OpenAI’ning ChatGPT sunʼiy intellekt modellari yordamida topilgan boʻlib, bu texnologiyalar kelgusida kiberjinoyatchilar qoʻlida ham xuddi shunday vayronkor qurolga aylanishi mumkinligini koʻrsatmoqda.
Source: kun.uz