Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Oʻzbekiston birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva onkologik kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy yordam koʻrsatish tizimini rivojlantirishdagi yetakchiligi hamda har bir bolaning sogʻlom hayot kechirish huquqini global miqyosda ilgari surgani uchun nufuzli xalqaro mukofotga sazovor boʻldi. Mazkur mukofotni unga Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesus shaxsan topshirdi.

Taqdirlash marosimi «Bolalar farovonligiga investitsiyalar: kelajak avlodlar uchun barqaror va adolatli taraqqiyot yoʻlida» deb nomlangan xalqaro sammit hamda Bolalar onkologiyasi va gematologiyasi boʻyicha II xalqaro kongress doirasida boʻlib oʻtdi. Ushbu tadbir mamlakatda sogʻliqni saqlash va ijtimoiy himoya yoʻnalishidagi islohotlarning muhim bosqichi sifatida eʼtirof etildi.

Marosim davomida soʻzga chiqqan JSST bosh direktori Ziroat Mirziyoyevaning bolalar manfaatlarini himoya qilish, ayniqsa onkologik kasalliklar bilan ogʻriyotgan bolalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashdagi faoliyatini alohida taʼkidlab oʻtdi. Uning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston birinchi xonimi butun dunyoda bolalar huquqlari himoyachisi sifatida namoyon boʻlmoqda.

Eslatib oʻtamiz, mazkur xalqaro mukofot 2019-yilda taʼsis etilgan boʻlib, aholi salomatligini muhofaza qilishda salmoqli natijalarga erishgan shaxslarga beriladi. Avvalgi yillarda bu mukofot bilan turli davlatlar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari va Nobel mukofoti sovrindorlari taqdirlangan edi.

Source: kun.uz