O‘zbekiston birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva bolalar onkologiyasi va gematologiyasi sohasidagi xalqaro tashabbuslari hamda global sog‘liqni saqlash ishiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining nufuzli mukofotiga sazovor bo‘ldi. Ushbu muhim voqelik bolalar onkologiyasi va gematologiyasi bo‘yicha ikkinchi xalqaro kongress hamda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan global sammit doirasida amalga oshirildi, bu esa mamlakatdagi ijtimoiy yo‘naltirilgan siyosatning xalqaro miqyosda e'tirof etilayotganidan dalolat beradi.
Mukofotni shaxsan topshirgan JSST bosh direktori Tedros Adxanom Gebresus Ziroat Mirziyoyevaning bolalar salomatligini muhofaza qilishdagi yetakchiligini yuqori baholab, uni butun dunyodagi bolalar, xususan, og‘ir xastaliklarga qarshi kurashayotgan yosh avlod manfaatlarning haqiqiy himoyachisi deb atadi. Shuningdek, xalqaro tashkilot rahbari har bir bola ta’lim olish va sog‘lom muhitda yashash huquqiga ega ekanini alohida ta'kidlab o‘tdi.
Ma'lumot o‘rnida ta'kidlash joizki, ushbu nufuzli mukofot 2019-yilda ta'sis etilgan bo‘lib, u aholi salomatligini saqlashda ulkan yutuqlarga erishgan hamda o‘z faoliyati bilan jamiyatda sezilarli o‘zgarishlar yasagan yetakchilarga beriladi. Turli yillarda bu mukofot bilan xorijiy davlatlar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, nufuzli olimlar hamda taniqli jamoat arboblari taqdirlangan bo‘lib, ular asosan emlash jarayonlarini rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashdagi xizmatlari uchun e'tirof etilganlar.
Shu kunlarda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan "Bolalar farovonligiga investitsiyalar: kelgusi avlodlarning barqaror va adolatli taraqqiyot yo‘li" mavzusidagi Butunjahon sammiti doirasida xorijiy davlatlarning birinchi xonimlari, BMT, YuNISEF, Jahon banki va boshqa nufuzli xalqaro institutlarning yuqori martabali vakillari yig‘ildilar. Ushbu nufuzli tadbir doirasida muhokama qilinayotgan masalalar va erishilayotgan kelishuvlar kelgusida sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Source: podrobno.uz