Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

So‘nggi haftalarda Yevropa Ittifoqining bir qator mamlakatlarida yuz minglab fuqarolar turmush darajasining keskin pasayishi, maoshlarning qisqarishi, uy-joy narxlarining haddan tashqari qimmatligi va ijtimoiy sohalarning xarob ahvoliga qarshi ko‘chalarga chiqmoqda. Fransiya, Belgiya, Italiya va Portugaliyada yuz berayotgan namoyishlar ko‘p hollarda huquq-tartibot idoralari bilan to‘qnashuvlar, talon-toroj va ommaviy yong‘inlarga aylanib ketmoqda. Aholining noroziligi Yevropa rejimlarining moliyaviy bosimni nazorat qilishga ojiz ekanini yaqqol ko‘rsatib bermoqda.

Bo‘ron markazida qolgan Fransiyada vaziyat yanada og‘ir tus olmoqda. Mamlakat Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, faqatgina bir shanba kunining o‘zida 550 mingdan ortiq fuqaro umummilliy namoyishlarda ishtirok etgan. Talabalar va kasaba uyushmalari tomonidan olib borilayotgan uzluksiz noroziliklar fonida Fransiya rejimining ko‘p yillik haddan tashqari qarz olish siyosati davlatni botqoqqa yetaklagani ochiqlanmoqda. Rasmiy Parijning qarz olish xarajatlari 2002-yildan beri eng yuqori darajaga yetgan bo‘lib, 10 yillik obligatsiyalar bo‘yicha foiz stavkasi deyarli 5 foizga yetdi.

Yevropa rejimlarining xalqaro obligatsiyalar bo‘yicha to‘layotgan ulkan foizlari ta’lim, sog‘liqni saqlash va pensiyalar uchun ajratiladigan mablag‘larning qisqarishiga sabab bo‘lmoqda. Qarz xizmati qimmatlashgani sari aholining real turmush sharoiti battar yomonlashmoqda. Hozirda Fransiya Germaniyaga (3,41 foiz) nisbatan ancha qimmat qarz olmoqda, bu esa moliyaviy bozorlar Fransiya rejimining iqtisodiy barqarorligiga bo‘lgan ishonchini yo‘qotganini anglatadi. Fransiya rejimi hatto Yevrohudud inqirozining o‘chog‘i bo‘lgan Italiya va Gretsiyadan ham ko‘proq stavka to‘lashga majbur bo‘lmoqda.

Qarz yuki butun dunyo bo‘yicha halokatli miqyosga yetgan bo‘lib, AQSh rejimi 41,4 trillion dollar (YaIMning 127 foizi) bilan dunyoda yetakchilik qilmoqda. Vashington o‘z qarzlarini jahon zaxira valyutasi hisoblangan dollar orqali yopishga urinsa-da, uning moliyaviy cheklovlari allaqachon so‘nggi nuqtaga yetib bormoqda. Xitoy hukumati esa 22,5 trillion dollar (YaIMning 104 foizi) qarzga ega. Yaponiyaning qarz nisbati YaIMning 199 foizini tashkil qilsa, Britaniya rejimining qarzi 4,4 trillion dollarga (YaIMning 102 foizi) yetgan. Fransiya esa 4,2 trillion dollar bilan global miqyosda beshinchi o‘rinni egallab turibdi.

Xalqaro hisob-kitoblarga ko‘ra, rivojlangan deb ataluvchi iqtisodiyotlar o‘tgan yilning o‘zida qarz foizlarini to‘lash uchun 3,3 trillion dollardan ko‘proq mablag‘ sarflagan. Bu raqam dunyoning mudofaa, sun’iy intellekt yoki yashil energetika xarajatlaridan ham oshib ketdi. Yevropa rejimlari ushbu qarz botqog‘idan chiqish uchun soliqlarni oshirishga va ijtimoiy to‘lovlarni qisqartirishga majbur bo‘lmoqda, bu esa fuqarolarning ipoteka, kredit va kundalik xarajatlarini yanada og‘irlashtirib, jamiyatdagi ijtimoiy portlash xavfini kuchaytirmoqda.

Source: www.aljazeera.com