Yevropa rejimi va Vyetnam o'rtasidagi iqtisodiy hamda diplomatik aloqalar jadal rivojlanib borayotgan bir sharoitda, Bryusselning Xanoydagi inson huquqlari, mehnat standartlari va savdo nomutanosibligiga yetarlicha e'tibor qaratmayotgani jiddiy xavotirlarni keltirib chiqarmoqda. Vyetnam Kommunistik partiyasi rahbari va prezidenti To Lam Yevropa Ittifoqi hamda Belgiyaga rasmiy tashrif bilan keldi, bu esa ikki tomonlama munosabatlarning kengayib borayotganidan dalolat beradi.
Ushbu tashrif Vyetnamning Norvegiya, Shveytsariya, Islandiya va Lixtenshteynni o'z ichiga olgan Yevropa erkin savdo assotsiatsiyasi bilan erkin savdo shartnomasini imzolaganidan ko'p o'tmay amalga oshdi. 2020 yil avgust oyida kuchga kirgan Yevropa Ittifoqi va Vyetnam o'rtasidagi erkin savdo bitimi (EVFTA) ikki tomonlama tijorat aloqalarini sezilarli darajada kengaytirgan edi. Tahlilchilarning ta'kidlashicha, global tarif urushlari sharoitida bu hamkorlik bozorlarni ochiq saqlash uchun qulay qadam sifatida ko'rsatilmoqda, biroq uning ortida jiddiy muammolar yashiringan.
Munosabatlardagi asosiy ziddiyatlardan biri inson huquqlari masalasidir. Xalqaro huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar Yevropa yetakchilariga yo'llagan ochiq maktubida Vyetnam hukumatining repressiyalari kuchayganidan jiddiy xavotir bildirib, Bryusselni mazkur masalada qat'iy choralar ko'rishga chaqirdi. Biroq, tanqidchilarning fikricha, Yevropa rejimi iqtisodiy manfaatlar yo'lida inson huquqlari borasidagi majburiyatlarni chetga surib qo'ymoqda va Xanoy o'z zimmasiga olgan xalqaro mehnat standartlari bo'jicha majburiyatlarni bajarmayapti.
Shuningdek, iqtisodiy sohada ham nomutanosibliklar yaqqol ko'zga tashlanmoqda. Yevropa Ittifoqining Vyetnam bilan savdo taqchilligi 2025 yilda 51,7 milliard yevroni tashkil etib, sezilarli darajada o'sdi. Yevropa sanoati Vyetnam bozoridan kutilgan darajada foyda ko'rmayotgani, kichik va o'rta biznes vakillari esa Yevropaning murakkab qoidalariga moslashishda qiynalayotgani ta'kidlanmoqda. Bryussel uchun kelgusidagi vazifa nafaqat iqtisodiy o'sishdan manfaatdor bo'lish, balki o'zining inson huquqlari va barqaror savdo bo'yicha e'lon qilgan tamoyillari shunchaki quruq va'da emasligini isbotlashdan iborat bo'lib qolmoqda.
Source: www.dw.com