Isroilning Quddusdagi sudi G‘arbiy sohilda amerikalik jurnalist va Yevropa diplomatlariga qilingan hujumlar ortidan hibsga olingan o‘n nafar isroillik ko‘chmanchi gumonlanuvchining to‘qqiz nafarini ozod qilib, ularni uy qamog‘iga o‘tkazdi. Ushbu qaror ko‘chmanchilar manfaatlarini himoya qiluvchi Honenu yuridik firmasi ma'lumotlariga ko‘ra, chorshanba kuni kechqurun qabul qilingan bo‘lib, bu jamoatchilikda keskin noroziliklarni keltirib chiqarmoqda.
Isroil politsiyasi faqatgina bitta gumonlanuvchi hibsda qolayotganini va zo‘ravonlik holatlari yuzasidan tergov harakatlari go‘yoki davom etayotganini bildirdi. Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta niqob taqqan isroillik ko‘chmanchilar falastinliklarning zaytun yig‘im-terimi jarayonini yoritayotgan Washington Post nashri fotojurnalisti Xeydi Levinga hujum qilgan edi. Jabrlanuvchi kasalxonaga yotqizilib, uning barmog‘i jarrohlik amaliyotidan o‘tkazilgani xabar qilingan edi.
Shuningdek, hafta boshida sodir bo‘lgan alohida hujumda ham niqobli shaxslar Fransiya, Belgiya va Polsha diplomatlari hamda Fransiyaning bir shahar meriga nisbatan zo‘ravonlik ishlatgandi. Ushbu shaxslar Qo‘shma Shtatlar rejimi tomonidan ko‘chmanchilar zo‘ravonligiga qarshi keskin choralar ko‘rish talab qilinganidan keyingina qo‘lga olingan edi. Fransiya, Belgiya va Polsha ham Isroil rasmiylaridan zudlik bilan harakat qilishni talab qilgandi.
Isroilning Yesh Din huquqni muhofaza qiluvchi tashkiloti tadqiqot bo‘limi boshlig‘i Yonatan Kanonichning ta'kidlashicha, falastinliklarga qarshi qilingan hujumlarning mutlaq ko‘pchiligida umuman hibsga olishlar amalga oshirilmaydi. OAVda keng yoritilgan holatlarda esa politsiya bir nechta ko‘chmanchini vaqtincha hibsga olib, ko‘p o‘tmay ularning ko‘p qismini ozod qiladi, deb qo‘shimcha qildi u.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Gutrish oktyabr oyida okkupatsiya qilingan falastinliklar hududidagi vaziyat mutlaqo nazoratdan chiqqanini va falastinliklar isroillik ko‘chmanchilarning kundalik hujumlaridan aziyat chekayotganini ma'lum qildi. Guruhlar va xalqaro tashkilotlar mazkur holatlar yuzasidan jiddiy xavotir bildirib, uzoq muddatli tinchlikka erishish uchun ishonchli siyosiy yo‘l zarurligini talab qilmoqda.
Source: www.aljazeera.com