Gʻazo sektorida davom etayotgan gumanitar inqiroz fonida koʻkrak bezi saratoni bilan ogʻrigan mahalliy ayollar oʻta ogʻir sharoitlarda qolgani aytilmoqda. 36 yoshli uch farzandning onasi Hiba Musbah hozirga qadar yetti kurs kimyoterapiya muolajasini olgan boʻlsa-da, uning ahvoli yomonlashib borayotgani xabar qilinmoqda. Uning soʻzlariga koʻra, dori-darmonlar yetishmasligi va tibbiy asbob-uskunalarning ishdan chiqqani davolanish jarayonini keskin qiyinlashtirgan. Isroil rejimi nazorati ostidagi hududda chet elga chiqish uchun ruxsat olishning iloji boʻlmayotgani bemorlarning hayotini xavf ostiga qoʻymoqda.
Maʼlum qilinishicha, Musbah oʻz kasalligini 2024-yil boshida, koʻchirilgan paytida sezgan, biroq harbiy harakatlar va Nasser kasalxonasi atrofidagi toʻqnashuvlar tufayli operatsiya ikki oyga kechiktirilgan. Shuningdek, kerakli dori vositalari yoʻqligi sababli kimyoterapiya ham yetti oyga kechikkan. Hozirgi kunda bemor oʻz sogʻligʻini tiklash uchun zarur boʻlgan KT (kompyuter tomografiyasi) tekshiruvidan oʻta olmayapti, chunki davlat shifoxonalarida buning uchun sharoit yoʻq, xususiy klinikalarda esa xizmat haqi juda qimmat.
Gʻazo Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotlariga koʻra, hududda erta tashxis qoʻyish tizimi deyarli butunlay izdan chiqqan. Mammografiya apparatlarining muntazam ravishda buzilishi va laboratoriya jihozlarining taqchilligi yangi holatlarni oʻz vaqtida aniqlashga toʻsqinlik qilmoqda. Shifokorlar va bemorlarning taʼkidlashicha, nurlanish terapiyasi umuman mavjud emas, jarrohlik amaliyotlari esa mutaxassislar va imkoniyatlar yetishmasligi sababli toʻxtatib qoʻyilgan.
Shunday ogʻir sharoitlarda ham mahalliy tibbiyot xodimlari Xalqaro koʻkrak bezi saratoniga qarshi kurash oyligi doirasida ayollar orasida tushuntirish ishlarini olib bormoqda. Hekr al-Jameh sogʻlab saqlash markazi yuzlab ayollarni tekshiruvdan oʻtkazgan boʻlsa-da, moliyaviy muammolar va cheklovlar davolanish imkoniyatini cheklab qoʻymoqda. Musbah va boshqa bemorlar esa xorijda davolanish uchun zarur boʻlgan ruxsatnomani ikki yildan buyon kutishayotganini bildirishmoqda.
Source: www.aljazeera.com