Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston birinchi xonimi va Zamin xalqaro jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining bosh direktori tomonidan 2026-yilgi maxsus mukofotga loyiq ko‘rildi. Bu haqda JSSTning Toshkentdagi rasmiy vakolatxonasi tomonidan batafsil axborot berildi.

Ta’kidlanishicha, ushbu yuqori e’tirof uning onkologik kasalliklarga chalingan bolalarga har tomonlama yordam ko‘rsatish tizimini rivojlantirishdagi ulkan hissasi hamda har bir bola uchun munosib va sog‘lom hayot kechirish huquqini faol ilgari surgani bois berilgan.

Mukofotni topshirish marosimi Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan “Bolalar farovonligiga sarmoya kiritish” nomli Jahon sammiti hamda Bolalar onkologiyasi va gematologiyasi bo‘yicha II xalqaro kongress doirasida tashkil etildi. Nufuzli mukofotni JSST bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesus nomidan tashkilotning Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Natasha Azzopardi Muskat tantanali ravishda topshirdi.

Shuningdek, tadbir doirasida og‘ir kasalliklarga chalingan bolalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Global tarmoq tuzilgani e’lon qilindi. Mazkur muhim tuzilmaga Ziroat Mirziyoyeva ikki yil muddatga rais etib saylangani qayd etildi.

Source: www.gazeta.uz