2030-yilda O‘zbekistonda buyuk tabib va qomusiy olim Abu Ali ibn Sino tavalludining 1050-yilligi xalqaro miqyosda keng nishonlanishi rejalashtirilmoqda. Shu munosabat bilan hukumat tomonidan mamlakatda olimning ulkan ilmiy merosini chuqur o‘rganish hamda keng targ‘ib etishga qaratilgan maxsus “yo‘l xaritasi” rasman tasdiqlandi. Ushbu tashabbus haqida Adliya vazirligi tomonidan tegishli ma'lumotlar taqdim etildi.
Qabul qilingan hujjatga ko‘ra, Buxoro davlat tibbiyot instituti huzurida Abu Ali ibn Sino nomidagi maxsus ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish taklifi ma’qullandi. Mazkur markaz oldiga olimning boy tibbiy amaliyoti va falsafiy merosiga oid ilmiy izlanishlar olib borish hamda ularning natijalarini amaldagi zamonaviy tibbiyot amaliyotiga tatbiq etish vazifasi qo‘yilmoqda.
Shuningdek, yangi markaz qadimiy qo‘lyozmalarni to‘plash, ularni o‘zbek tiliga tarjima qilish va maxsus elektron platformani yaratish ishlarini amalga oshiradi. Mutaxassislar va tibbiyot tarixi bilan qiziquvchilar uchun esa maxsus o‘quv kurslari hamda mahorat darslarini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.
Kelgusi yillarda, xususan 2026-yilning oktabr oyida Toshkent shahrida “Ibn Sino — G‘arb va Sharq falsafiy tafakkurining buyuk namoyandasi” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazilishi kutilmoqda. Bundan tashqari, Ibn Sino nomidagi xalqaro mukofotni ta’sis etish, uning “Mo‘’jaz al-Qonun”, “Donishnoma” va “Kitob ash-Shifo” kabi asarlarini tarjima qilish, shuningdek xorijdagi kutubxonalardan qo‘lyozmalarni yig‘ish bo‘yicha ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etish rejalashtirilgan.
Source: www.gazeta.uz