Seul ma'muriyatining xabar qilishicha, Janubiy Koreya Mudofaa vazirligi KXDR bilan chegaraning aniq joylashuvini o'zaro tasdiqlash hamda aloqa kanallarini tiklash masalalarini muhokama qilish uchun harbiy muzokaralar o'tkazish tashabbusini ilgari surdi. Ushbu bayonot mamlakatda harbiy insidentlar va keskinlik kuchayib borayotgan bir sharoitda e'lon qilindi.
Janubiy Koreya Mudofaa siyosati bo'yicha vazir o'rinbosari Kim Xong-cholning ta'kidlashicha, shunga o'xshash taklif o'tgan yilning noyabr oyida ham bildirilgan edi, biroq Pxenyan rasmiylari bunga javob bermagan. So'nggi tashabbus sentyabr oyida demilitarizatsiyalangan zonada (DMZ) sodir bo'lgan va uch nafar janubiy koreyalik harbiyni jarohatlagan minaga qadam qo'yish hodisasidan so'ng yana kun tartibiga chiqdi.
Seul rejimi tarqatgan ma'lumotlarga ko'ra, KXDR qo'shinlari so'nggi yillarda DMZ hududida taktik yo'llar, to'siqlar qurib, minalar o'rnatib kelmoqda. Janubiy koreyalik mulozimlar Pxenyan harbiylari bu jarayonda chegara chizig'ini bir necha bor kesib o'tganini da'vo qilmoqda. Shuningdek, Seul harbiylari minalar Harbiy demarkatsiya chizig'idan janubda ko'milgan degan xulosaga kelgan, biroq KXDR hukumati bu ayblovlarni qat'iyan rad etgan.
Ikki Koreya o'rtasidagi harbiy tanglik yanada chuqurlashib bormoqda. Xususan, KXDR yetakchisi Kim Chen Inning singlisi Kim Yo Chjon Pxenyan chegaradagi qo'shinlarni "o'q otish pozitsiyasiga" keltirganini ma'lum qilgan edi. Shuningdek, Janubiy Koreya Mudofaa vazirligi yuzaga kelayotgan vaziyat nazoratdan chiqib ketishi va yangi to'qnashuvlarga olib kelishidan xavotir bildirar ekan, qo'shni davlatdan ijobiy javob kutishini bildirdi.
Source: www.dw.com