Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi qadimiy Botkin qabristonida joylashgan qabrlar shikastlangani aks etgan videolar tarqalib, jamoatchilik o'rtasida haqli noroziliklarni keltirib chiqardi. Mazkur holat yuzasidan tarqatilgan xabarlarda qabriston hududidagi vayronagarchiliklar yaqin atrofdagi qurilish ishlari bilan bog'liqligi aytilmoqda.
Tarmoqlarda e'lon qilingan kadrlarda sindirilgan yodgorliklar, qiyshayib qolgan xochlar va temir panjaralarni yaqqol ko'rish mumkin. Marhumlarning yaqinlari va qarindoshlari yuzaga kelgan vaziyat yuzasidan o'zlarining keskin noroziligini bildirib, mas'ullardan javobgarlikka tortishni talab qilmoqdalar.
Poytaxt hokimiyati matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, sobiq shampan vino zavodi hududida olib borilgan qurilish ishlari vaqtida ob'ektni qabristondan ajratib turuvchi devor qulab tushgan. Natijada 15-sektorning oxirgi qatoridagi bir nechta bosh Qabr ustidagi lavhalar va yodgorliklarga zarar yetgan. Rasmiylar qabrlarning o'zi ochilmagani va ularga jiddiy ziyon yetmaganini da'vo qilmoqda.
Shuningdek, hokimiyat vakillari yuzaga kelgan vaziyat to'liq nazoratga olinganini va mas'ul shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berilishini ma'lum qildi. Qonunbuzarlikka yo'l qo'ygan shaxslar belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi ta'kidlanmoqda.
Buyurtmachi hamda pudrat tashkiloti qulash oqibatlarini bartaraf etish va shikastlangan qabr usti yodgorliklarini to'liq tiklash majburiyatini oldi. Ular o'z navbatida, marhumlarning yaqinlaridan uzr so'rab, barcha tiklash ishlarini joriy hafta oxirigacha yakunlashga va'da berishdi.
Source: podrobno.uz