Saudiya Arabistonidagi davom etayotgan xavfsizlik muammolari mamlakatda 2027-yil yanvar va fevral oylarida rejalashtirilgan futbol bo'yicha Osiyo Kubogini o'tkazishni jiddiy savol ostiga qo'ymoqda. Yaponiya futbol assotsiatsiyasi prezidenti Tsuneyasu Miyamoto Tokio shahrida bo'lib o'tgan Osiyo futbol konfederatsiyasining navbatdan tashqari kongressida so'z yuritib, mavjud vaziyat sport musobaqasini xavfsiz o'tkazish imkonini bermasligini ta'kidladi. uning so'zlariga ko'ra, mintaqadagi beqarorlik va ehtimoliy xavflar fondida turnirni o'z vaqtida tashkil etish oson kechmaydi.
Yaman hududidan amalga oshirilayotgan hujumlar va keskinlashib borayotgan vaziyat oqibatida mamlakatda bir qator yirik xalqaro sport musobaqalari allaqachon bekor qilindi yoki muddatidan kechiktirildi. Xususan, Ar-Riyod xalqaro aeroportiga qilingan hujum oqibatida o'nlab odamlar jablangach, golf bo'yicha Saudiya xalqaro turniri noma'lum muddatga qoldirildi, velosport bo'yicha shahar chempionati esa butunlay bekor qilindi. Shuningdek, tennis bo'yicha Six Kings Slam ko'rgazmali turniri va FIFAe Finals 2026 kiberfutbol musobaqalari ham ushbu xavfsizlik inqirozi tufayli boshqa sanalarga ko'chirildi.
Shunga qaramay, mahalliy tashkiliy qo'mita infratuzilma va ob'ektlarda tayyorgarlik ishlari tasdiqlangan grafikka muvofiq davom etayotganini va vaziyat qattiq nazorat ostida ekanini ma'lum qilmoqda. Osiyo futbol rahbariyati zaruriyat tug'ilsa, musobaqani 2028-yilga qoldirish ehtimolini istisno etmagan. Saudiya hukumati so'nggi yillarda mamlakatda sport sohasiga ulkan mablag'lar kiritgan bo'lib, bo'lajak Osiyo Kubogi 2034-yilgi futbol bo'yicha Jahon chempionatini qabul qilish uchun muhim sinov sifatida baholanayotgan edi.
Source: www.aljazeera.com