Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Amerikaning Wosune International kompaniyasi Qashqadaryo viloyatida meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha investitsiyalar hajmini 50 million dollarga yetkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya vakili mamlakat rahbari Shavkat Mirziyoyevning “Qashqadaryo” erkin iqtisodiy zonasidagi Wosune Food Ingredients Karshi korxonasiga tashrifi chog‘ida ma’lum qildi. Oziq-ovqat sanoati uchun ingredientlar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan mazkur korxonaga dastlabki bosqichda 8,5 million dollar investitsiya kiritilgan bo‘lib, loyiha yakunida umumiy qiymat e'lon qilingan miqdorga yetkazilishi kutilmoqda.

Korxona vakillarining so‘zlariga ko‘ra, sabzavotlarni suvsizlantirish orqali xalqaro talablarga javob beradigan yuqori sifatli mahsulotlar tayyorlanadi. Olingan mahsulotlar AQSh, Indoneziya hamda Yevropa mamlakatlariga, jumladan, Nestlé va Mars kabi yirik brendlarga yetkazib berilishi mo‘ljallangan. Zavodda sabzi, bulg‘or qalampiri, oshqovoq, olma, ismaloq va turli ko‘katlar qayta ishlanib, tez tayyorlanadigan mahsulotlar hamda kosmetika sanoati uchun xomashyo sifatida foydalaniladi.

Ishlab chiqarish jarayonlarining qariyb 30 foizi robotlashtirilgan bo‘lib, korxonada 150 ta doimiy ish o‘rni yaratilgan. Quvvatlar to‘liq ishga tushgach, bir sutkada 310 tonnagacha xomashyo qayta ishlanishi hamda yillik aylanma 40 million dollarga yetishi taxmin qilinmoqda. Shuningdek, 2029-yilga borib eksport hajmini 45 million dollargacha oshirish rejalashtirilgan.

Tashrif davomida fermer xo‘jaliklari bilan hamkorlikni kengaytirish va xomashyo bazasini mustahkamlash masalalari ham muhokama qilindi. Prezident 30 ming gektar maydonda eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishni tashkil etish, fermerlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish hamda suv ta'minotini yaxshilash bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi.

Source: www.gazeta.uz