Afrikaning eng keksa davlat rahbari hisoblangan 93 yoshli Kamerun prezidenti Pol Biya navbatdagi bor o‘limi yoki og‘ir xastaligi haqidagi taxminlar markazida qoldi. Mamlakatni 1982-yildan buyon boshqarib kelayotgan va vaqtining katta qismini xorijda o‘tkazishi bilan tanilgan yetakchi yaqinda Shveysariyada o‘tkazgan 74 kunlik uzoq tanaffusdan so‘ng poytaxt Yaundega qaytdi. Biroq uning qaytishi ham jamiyatdagi shubha va xavotirlarni to‘liq tarqata olmadi.
Biyaning navbatdagi safaridan so‘ng kamerunliklar mamlakatning kelajagi va hokimiyat tranziti qanday kechishi haqida jiddiy bosh qotirmoqda. O‘tgan yili munozarali saylovlar natijasida sakkizinchi muddatga qayta saylangan bo‘lsa-da, prezident hamon yangi hukumat tarkibini e’lon qilmadi. Mamlakat aholisining qariyb 70 foizini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi va ularning birortasi Biyadan boshqa rahbar boshqaruvini ko‘rmagan. Neft zaxiralariga boy bo‘lishiga qaramay, mamlakat iqtisodiyoti turg‘unlikda qolmoqda, shimolda qurolli guruhlar, g‘arbda esa ayirmachilar faolligi davom etmoqda.
Tahlilchilar Biyani ko‘pincha «sirtdan boshqaruvchi prezident» deb atashadi, chunki u davlat ishlarini ko‘p hollarda o‘z ma’muriyatiga topshirib qo‘ygan. Xalqaro surishtiruvlarga ko‘ra, prezident Shveysariyaning qimmatbaho mehmonxonalarida yillab vaqt o‘tkazgan. Uning joriy safardan qaytishi chog‘ida limuzindan qo‘l siltab qo‘yishi va bosh vazir bilan qisqa ko‘rishuvi aks etgan kadrlar keng jamoatchilikni qoniqtirmadi. Ijtimoiy tarmoqlarda esa uning o‘z vataniga Shveysariyadan shunchaki «qisqa xizmat safari bilan kelgani» haqidagi pichinglar urchimoqda.
Hozirda asosiy e’tibor yangi tashkil etilgan vitse-prezident lavozimiga qaratilgan. Aprel oyida parlament tomonidan qayta tiklangan qonunga binoan, davlat rahbari vitse-prezidentni mustaqil tayinlash va bo‘shatish vakolatiga ega. Agar prezident o‘z vazifasini bajara olmay qolsa, aynan vitse-prezident uning yetti yillik vakolat muddatini yakunlab qo‘yishi belgilangan. Muxolifat bu o‘zgarishni erkin saylovlarga to‘sqinlik qilish va noqonuniy voris tayinlash rejasi deb baholamoqda.
Potensial vorislar qatorida prezident devoni bosh kotibi, amalda ko‘plab vakolatlarni boshqarayotgan Ferdinand Ngo-Ngo hamda Biyaning o‘g‘li Frank Biya tilga olinmoqda. Biroq uning o‘g‘lida yetarli siyosiy tajriba yo‘qligi aytiladi. Uzoq davom etayotgan noaniqlik va boshqaruv inqirozi mamlakatning xalqaro maydondagi nufuziga hamda xorijiy investorlar ishonchiga salbiy ta’sir ko‘rsatishda davom etmoqda.
Source: www.aljazeera.com