Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

G‘arbiy Sohilning Nablus shahridan janubda joylashgan Madama qishlog‘i isroillik harbiylar tomonidan amalga oshirilgan qattiq qamal tufayli og‘ir iqtisodiy va ijtimoiy tanglikni boshdan kechirmoqda. Qishloqning barcha kirish yo‘llari tuproq uyumlari bilan to‘sib qo‘yilgan bo‘lib, bu holat 2,5 mingdan ortiq mahalliy aholining erkin harakatlanishini to‘liq cheklab qo‘ygan. Isroil rejimi vakillari go‘yoki “xavfsizlik sabablari” tufayli choralar ko‘rilganini da'vo qilmoqda, biroq amalda bu harakatlar falastinlik fermerlarni o‘z yerlaridan mahrum qilish va noqonuniy posyolkalarni kengaytirish maqsadini ko‘zlayotgani aytilmoqda.

Qamal mavsumiy zaytun yig‘im-terimi davriga to‘g‘ri kelgani mahalliy aholi uchun haqiqiy fojia bo‘ldi. Fermerlar o‘zlariga tegishli bog‘larga kira olmayotgani, isroillik ko‘chmanchilar esa armiya ko‘magida qishloq yerlarini buldozerlar yordamida tekislab, yuzlab hosildor zaytun daraxtlarini yo‘q qilib yuborgani xabar qilinmoqda. Qishloq kengashi raisi Rami Nassarning so‘zlariga ko‘ra, mahalliy aholi yillar davomida o‘z ekinzorlaridan mahrum bo‘lib kelmoqda va bu galgi cheklovlar vaziyatni yanada og‘irlashtirgan.

Transport aloqalarining uzilishi oqibatida qishloqdagi kundalik hayot izdan chiqqan. O‘tkazish punktlari va to‘siqlar tufayli o‘qituvchilar, shifokorlar va o‘quvchilar o‘z vazifalarini bajarishda ulkan qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Masalan, infarktni boshdan kechirgan bemorni shifoxonaga yetkazish uchun shifokorlar uni piyoda, tuproq uyumlari va qiyaliklar orqali olib o‘tishga majbur bo‘lgan, natijada odatdagi 15 daqiqalik yo‘l ikki soatdan ko‘proq vaqt olgan.

BMTning Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi (OCHA) ma'lumotlariga ko‘ra, G‘arbiy Sohil bo‘ylab falastinliklarning harakatini cheklovchi 900 dan ortiq jismoniy to‘siqlar mavjud. Isroil rejimining bosh vaziri Binyamin Netanyaxu esa okkupatsiya qilingan hududlarda keng ko‘lamli operatsiyalar va to‘liq lokdaun tayyorgarligini boshlab yuborgani, bu esa mintaqadagi vaziyatni yanada keskinlashtirishi kutilmoqda.

Source: www.aljazeera.com