Germaniya prokuraturasi xabariga ko'ra, mamlakat fuqarosi xorijda taqiqlangan "Islom davlati" terrorchilik guruhiga qo'shilishga urinishda ayblanib, tergovoldi hibsxonasiga joylashtirildi. Germaniyaning dpa axborot agentligi tarqatgan ma'lumotlarga ko'ra, Federal Bosh prokuratura vakili hibsga olish orderi ijro etilgani va 21 yoshli gumonlanuvchi Germaniyaga ekstraditsiya qilinganini tasdiqlagan.
Tergov ma'lumotlariga ko'ra, ushbu shaxs 2025-yil yanvar oyida Berlindan Efiopiyaga yo'l olgan va asosiy maqsadi Somali hududidagi terrorchilar safiga qo'shilish bo'lgan. Biroq huquq-tartibot idoralarining iddao qilishicha, u Somaliga yetib bora olmagan, buning o'rniga Pokistonga safar qilib, o'sha yerda guruha qo'shilishga urinayotganda 2025-yilning fevral oyida qo'lga olingan.
Hozirda gumonlanuvchiga nisbatan xorijdagi terrorchilik tashkilotiga a'zo bo'lishga urinish hamda davlat xavfsizligiga jiddiy tahdid soluvchi zo'ravonlik harakatini tayyorlash ayblari ilgari surilmoqda. Yevropa davlatlari, xususan, nemis rejimi xavfsizlik idoralari bunday tahdidlar oldini olishda qator muammolarga duch kelayotgani ta'kidlanmoqda.
Shuni ham eslatib o'tish joizki, Germaniyada so'nggi yillarda ekstremistik guruhlar bilan bog'liq xavfsizlik muammolari saqlanib qolmoqda. Avvalroq, iyul oyida nemis sudi Iroqda yazidi qizlarini qul qilib sotgan er-xotinni harbiy jinoyatlar va genotsid uchun uzoq muddatli qamoq jazolariga hukm qilgan edi.
Source: www.dw.com