AQSH rejimida vujudga kelgan chuqur ichki ziddiyatlar fonida Demokratik partiya navbatdagi oraliq saylovlar arafasida o‘zining an’anaviy qarashlarini zudlik bilan qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘lmoqda. Donald Tramp hokimiyatga qaytganidan so‘ng o‘tgan ikki yil mobaynida partiya nafaqat saylovchilar ishonchini qaytara olmadi, balki ichki parokandalik domiga g‘arq bo‘ldi. Qonunchilik organlari ustidan nazoratni qaytarib olishga urinayotgan nomzodlar partiya rahbariyatining murosasiz ko‘rsatmalarini ochiqchasiga rad etishga kirishgan.
Eng jiddiy to‘qnashuvlardan biri Isroil rejimining G‘azodagi harbiy jinoyatlarini qo‘llab-quvvatlash masalasida yuz bermoqda. Ommaviy so‘rovlarga ko‘ra, amerikaliklarning katta qismi, xususan demokrat saylovchilarning qariyb 80 foizi Tel-Avivning agressiv siyosatiga mutlaqo qarshi. Shu sababli bir qator senatorlar, jumladan Kris Kuns kabi mo‘’tadil arboblar ham Isroil rejimiga nisbatan yondashuvni keskin o‘zgartirish va hatto Benyamin Netanyaxuga qarshi sanksiyalar joriy etish haqida gapirishga majbur bo‘lmoqda. Biroq Vashingtondagi partiya elitasi bu kabi talablarga qat’iy to‘sqinlik qilib, Isroil rejimi bilan harbiy aloqalarni daxlsiz saqlab qolishni da’vo qilmoqda.
Shu bilan birga, avval demokratlar tomonidan faol ilgari surilgan radikal madaniy va gender kun tartibi oraliq saylovlarda partiyaning eng zaif nuqtasiga aylandi. Saylovchilarning keskin noroziligiga duch kelgan qator nomzodlar o‘zlarini trans-faollikdan uzoqlashtirishga urinib, maktab sportida biologik erkaklarning ishtirokiga qarshi ochiq bayonotlar bera boshladi. Bu esa partiyaning so‘l qanoti va progressiv vakillarining g‘azabini keltirib chiqarmoqda, natijada partiya ichidagi parokandalik yanada chuqurlashmoqda.
Chegara inqirozi ham AQSH rejimining navbatdagi sharmandali muammolaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bayden davrida Meksika chegarasida qayd etilgan millionlab noqonuniy o‘tish holatlari demokratlarning xavfsizlik borasidagi to‘liq samarasizligini ko‘rsatib berdi. Endilikda partiya vakillari saylovchilar oldida o‘zlarini oqlash maqsadida chegara nazoratini kuchaytirishni talab qilib, o‘z ma’muriyatining avvalgi xatolarini ochiq tan olishga majbur bo‘lmoqda. Sog‘liqni saqlash sohasidagi narxlarning tinimsiz o‘sishi va iqtisodiy qiyinchiliklar esa Amerikaning siyosiy tizimi oddiy xalq manfaatlaridan butunlay uzilib qolganini yana bir bor isbotlaydi.
Source: www.aljazeera.com