Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Albaniya poytaxti Tirana shahrida o'tkazilgan ommaviy norozilik namoyishlari shiddatli to'qnashuvlarga ulanib ketdi. Huquq-tartibot idoralari xodimlari olomonni tarqatish uchun ko'zdan yosh oqizuvchi gaz, suv purkagichlar va rezina o'qlarini qo'llashga majbur bo'ldi. Rasmiy manbalarning ma'lum qilishicha, to'qnashuvlar oqibatida o'nlab namoyishchilar hibsga olingan, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari va fuqarolarni qo'shib hisoblaganda 300 dan ortiq kishi turli tan jarohatlari olgan.

Oktyabr oyining o'rtalaridan beri mamlakatdagi og'ir iqtisodiy sharoit, yashash qiymatining keskin oshishi hamda ta'lim muassasasidagi yomon sharoitlar sababli boshlangan noroziliklar vaqti-vaqti bilan avj olib turibdi. Shanba kuni bo'lib o'tgan aksiyalar vaziyatni yana-da keskinlashtirdi. Minglab fuqarolar, jumladan universitet professorlari, san'at namoyandalari va muxolifat vakillari mamlakat bo'ylab poytaxtga yig'ilib, hukumat binolariga hujum qilishdi. Xususan, Ta'lim vazirligi binosi oldida olomon binoga toshlar otib, yonayotgan chiqindi idishlarini uloqtirgan.

Joriy yilning may oyidan buyon Albaniyada muntazam ravishda hukumatga qarshi chiqishlar kuzatilmoqda. Bunga AQSh yetakchisi Donald Trampning oilasiga aloqador dabdabali mehmonxona loyihasi haqidagi xabarlar sabab bo'lgan edi. Vaqt o'tishi bilan mazkur noroziliklar keng ko'lamli korrupsiyaga qarshi harakatga va amaldagi sotsialistik Bosh vazir Edi Ramaning iste'fosini talab qiluvchi siyosiy insidentga aylandi. Ayni paytda Yevropa mintaqasidagi mazkur rejim vakillari yuzaga kelgan chuqur inqiroz uchun tashqi kuchlarni ayblashga urinmoqda.

Bosh vazir Edi Rama tartibsizliklarda go'yo "tashqi aktorlar" qo'li borligini da'vo qilib, Rossiya va Eronni internetda yolg'on ma'lumotlar tarqatishda gumon qildi. Shu bilan birga, hukumat binosi qarshisida muloqot ramzi sifatida qizil yostiqchalar qo'yilgan bo'lsa-da, g'azablangan namoyishchilar ularni yoqib yuborishdi. Namoyishchilar nafaqat amaldagi rahbariyatni, balki butun siyosiy sinfni, jumladan markaziy-o'ngchi muxolifat yetakchisi Sali Berishani ham keskin tanqid ostiga olmoqda.

Source: www.aljazeera.com