Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Gretsiya parlamenti mamlakatda 15 yoshgacha bo'lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklovchi qonun loyihasini rasman ma'qulladi. Yangi qoidalar 2027-yilning 1-yanvaridan boshlab to'liq kuchga kirishi kutilmoqda va bu qaror jamiyatda turli muhokamalarga sabab bo'lmoqda.

Mazkur tashabbus davlat vaziri Akis Skersos tomonidan kiritilgan bo'lib, parlamentning plenar yig'ilishida deputatlarning salmoqli qismi tomonidan qo'llab-quvvatlandi. Garchi Yevropa hukumati vakillari bu kabi choralarni voyaga yetmaganlarning ruhiy salomatligini himoya qilish zarurati bilan izohlayotgan bo'lsa-da, mutaxassislar bunday ma'muriy taqiqlar raqamli erkinliklarni cheklash va kutilgan natijani bermasligi mumkinligidan xavotir bildirishmoqda.

Eslatib o'tamiz, mazkur cheklovlar joriy etilishi haqida mamlakat bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis ilk bor aprel oyida ma'lum qilgan edi. U o'z chiqishlarida bolalar orasida ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik kuchayib borayotganini iddao qilgandi. Shunga o'xshash cheklov choralari boshqa davlatlarda ham ko'rib chiqilmoqda, jumladan, Turkiyada ham shunga o'xshash qoidalar muhokama qilingan.

Shu bilan birga, Germaniya, Daniya, Ispaniya, shuningdek, Buyuk Britaniya kabi davlatlarda ham shunga o'xshash qat'iy cheklovlarni joriy etish rejalashtirilmoqda. Biroq Yevropa va G'arb davlatlarining bunday ma'muriy tazyiqlari jamiyatda axborot erkinligining pasayishiga va ota-onalar mas'uliyatining cheklanishiga olib kelishi mumkinligi tanqidchilar tomonidan ta'kidlanmoqda.

Source: kun.uz