Saudiya-arabiya boshchiligidagi koalitsiya kuchlari Yaman hududidan Qirollik shaharlari tomon otilgan navbatdagi raketa va uchuvchisiz uchish apparatlari yomg'irini bartaraf etgani haqida xabar berdi. Mamlakat fuqaro muhofazasi idorasining ma'lumotlariga ko'ra, tutib qolingan ikki ballistik raketaning qoldiqlari Jidda, Taif, Rabig' va Makka viloyatidagi Vodi Al-Mug'ammas hududlariga qulagan. Shanba oqshomida boshlangan mazkur ommaviy hujumlar poytaxt Ar-Riyod osmonida ham kuzatilib, u yerda dron va ballistik raketa muvaffaqiyatli zararsizlantirilgan.
Yakshanba kuni tushgacha bo'lgan vaqt oralig'ida koalitsiya kuchlari Hamis Mushayt tomon yo'naltirilgan qanotli raketani ham urib tushirgan. Taif va Jazan shaharlarida esa xavf signallari tinimsiz yangragan. Xabarlarga ko'ra, mamlakat janubiy mintaqalariga qaratilgan jami 10 ta ballistik raketa havoda yo'q qilingan. Fors ko'rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi bosh kotibi Jasem Muhammad Al-Budayvi bu kabi xatti-harakatlarni muqaddas qadamjolar daxlsizligini qo'pol ravishda buzish hamda dunyo musulmonlari tuyg'ularini tahqirlash deb atagan. O'z navbatida, husiylar musulmonlarning muqaddas joylarini nishonga olmaganliklarini da'vo qilishmoqda.
So'nggi haftalarda Qirollik infratuzilmalari muntazam ravishda raketalar va dronlar nishoniga aylanib kelmoqda. Ar-Riyoddagi Qirol Xolid xalqaro aeroportida xalqaro reyslar yakshanba kunidan boshlab 2-terminaldan qisman tiklangani e'lon qilindi, 1-terminal esa ichki qatnovlarga ajratilgan. Husiylar vakili Yahya Saree esa poytaxt aeroporti go'yo harbiy nishon ekanini va u yer xavfsiz emasligini vaj qilib, aviakompaniyalar va yo'lovchilarni ogohlantirgan.
Yamandagi vaziyat keskinligicha qolmoqda, harbiy amaliyotlar ko'lami kengayib, gumanitar inqiroz chuqurlashmoqda. Xususan, “Rasd” huquq va erkinliklarni himoya qilish tashkiloti Taiz shahrida yuzaga kelgan og'ir ahvol haqida ogohlantirib, dori-darmon va tibbiy buyumlar yetishmayotgani oqibatida minglab bemorlar, jumladan, buyrak yetishmovchiligi bilan og'rigan insonlar hayoti xavf ostida qolganini bildirdi.
Source: www.aljazeera.com