AQShda boʻlib oʻtadigan oraliq saylovlar mamlakat rahbari Donald Tramp rejimining vakolatlari va uning kelgusi siyosiy taqdirini hal qilishi kutilmoqda. 210 milliondan ortiq roʻyxatga olingan saylovchilar Vakillar palatasi va Senat tarkibini aniqlab beradi, bu esa federal byudjet hamda qonunchilik jarayonlarini nazorat qilish imkonini beradi. Ekspertlarning fikricha, bu safargi jarayonlar amaldagi AQSh rejimining faoliyatiga nisbatan oʻziga xos referendum vazifasini bajaradi.
Saylov natijalariga koʻra, Vakillar palatasining barcha 435 ta oʻrni va Senatdagi 100 ta oʻrindan 35 tasi yangidan taqsimlanadi. Hozirgi vaqtda respublikachilar Kongressning har ikki palatasida ham kichik ustunlikka ega. Agar demokratlar palatalardan birortasida gʻalaba qozonsa, bu Tramp rejimining ichki siyosiy dasturlarini amalga oshirishiga jiddiy toʻsiq boʻlishi va keng koʻlamli tekshiruvlar boshlanishiga olib kelishi taxmin qilinmoqda.
Siyosiy tahlilchilarning ta'kidlashicha, Kongressdagi qarama-qarshiliklar federal byudjetni tasdiqlash jarayonlarini toʻxtatib qoʻyishi va hukumat ishida tanaffuslar yuzaga kelishiga sabab boʻlishi mumkin. Shuningdek, agar ichki siyosatda bosimlar kuchayib ketsa, Tramp rejimi e'tiborini tashqi siyosatga qaratishga majbur boʻlishi ehtimoldan xoli emas.
Saylovchilarning asosiy tashvishlari qatoriga yashash xarajatlarining oshishi, yoqilgʻi narxi, inflyatsiya va migratsiya muammolari kirmoqda. Biroq ovozlarni sanab chiqish jarayoni murakkab kechishi va pochta orqali kelib tushgan byulletenlar sababli natijalar bir necha hafta davomida kechikishi mumkinligi aytilmoqda.
Source: www.aljazeera.com