Jazoir prezidenti Abdulmadjid Tebbun mamlakatning energetika va iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish bahonasida qo‘shni Nigerga harbiylarni jo‘natishga ko‘rsatma berdi. Ushbu qaror Jazoir prezidentligi tomonidan dushanba kuni e'lon qilingan bo'lib, undan oldin mamlakat parlamenti ikki palatasining favqulodda yig'ilishida mazkur tashabbus ma'qullangan edi.
Rasmiy manbalarning ta'kidlashicha, Niger hukumati tomonidan go'yo harbiy yordam so'ralgan. Ushbu qadam amalga oshsa, bu Jazoirning 1973-yildan beri xorijiy hududlarga amalga oshiradigan ilk harbiy safarbarligi bo'ladi. O'shanda Jazoir harbiylari Arab-Isroil urushi davrida Misrni qo'llab-quvvatlash uchun yuborilgan edi.
Mazkur harakat Jazoirning o'z chegaralaridan tashqarida harbiy aralashuvlardan qochish bo'yicha uzoq yillik siyosatidan chekinishini anglatadi. 2020-yildagi konstitutsiyaviy islohot prezidentga parlamentning har bir palatasi deputatlarining kamida uchdan ikki qismi roziligi bilan xorijga qo'shin yuborish vakolatini bergan edi.
Senator Belkacem Bulgitning so'zlariga ko'ra, harbiylar Nigerdagi iqtisodiy infratuzilmani, xususan, Jazoirning neft obyektlarini himoya qilishga safarbar etiladi. Shuningdek, Jazoirning Sonatrach davlat energetika kompaniyasi Niger orqali Yevropa bozorlariga tabiiy gaz yetkazib berishga mo'ljallangan Trans-Sahara gaz quvurini qurish loyihasida ishtirok etmoqda.
Source: www.aljazeera.com