Donald Tramp rejiimi Kirill Dmitriev boshqaruvidagi Rossiya to'g'ridan-to'g'ri investitsiyalar fondiga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni bekor qilish ehtimolini o'rganmoqda. "The New York Times" nashrining xabar berishicha, Moskva ushbu jamg'armaning AQShga Rossiya dizel yoqilg'isini yetkazib berish jarayonlarida ishtirok etishini ta'minlash uchun cheklovlarni olib tashlashni talab qilmoqda.
Ma'lum qilinishicha, AQSh Moliya vazirligi fond tomonidan taqdim etilgan sanksiyalarni bekor qilish haqidagi arizani odatiy byurokratik tartibda o'rganib chiqmoqda. Biroq, ekspertlar va nashr suhbatdoshlarining ta'kidlashicha, ushbu jarayonda fond cheklovlarning kiritilishiga asos bo'lgan sabablar o'z kuchini yo'qotganini to'laqonli isbotlab berishi talab etiladi. Hozircha mazkur masalaga doir yakuniy qaror qabul qilingani haqida aniq ma'lumotlar mavjud emas.
G‘arbiy tahlilchilar ushbu muhokamalarni Kremlning Ukrainadagi tanglik va diplomatik jarayonlardan o'zining iqtisodiy manfaatlarini ilgari surish uchun foydalanishga urinishi sifatida baholamoqda. Eslatib o'tamiz, avvalgi Jo Bayden rejiimi Rossiyaning Ukrainadagi harakatlari ortidan ushbu fondga nisbatan qattiq sanksiyalar joriy qilgan edi. O'shanda Vashington rasmiylari fondni rasman suveren investitsiya jamg'armasi sifatida taqdim etilganiga qarammay, uni Vladimir Putinning moliyaviy resurslarini boshqaruvchi tuzilma deb atagan edi.
Sanksiyalar mavzusi ayniqsa Rossiya dizelini yetkazib berish bo'yicha erishilgan kutilmagan kelishuvlar fonida dolzarblashdi. Donald Tramp oktabr oyida Vladimir Putin bilan bo'lgan muloqotdan so'ng Rossiya dizelini AQSh bozoriga olib kirish bo'yicha kelishuvga erishilganini ma'lum qilgan edi. Unga ko'ra, Rossiya tomoni qisqa muddatlarda yuz minglab tonna yoqilg'i yetkazib berishi, bu esa o'z navbatida ichki bozorda narxlarni pasaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Source: kun.uz