Tailand Turizm va sport vazirligi O‘zbekiston, shuningdek, Kolumbiya va Meksika fuqarolari uchun vizasiz qolish muddatini 15 kun etib belgilagan holda, vizasiz rejimni qaytarish tashabbusi bilan chiqmoqda. Bu haqda Tailandning nufuzli The Nation gazetasi o‘z manbalariga tayanib xabar tarqatdi.
Mazkur keskin qaror joriy yilning 15-sentabridan boshlab 93 ta davlat, jumladan, O‘zbekiston fuqarolari uchun amalda bo‘lgan 60 kunlik vizasiz kirish tartibi bekor qilingach, yuzaga kelgan viza inqirozi bilan izohlanmoqda. Viza arizalarini tezkor ko‘rib chiqishdagi tizimli muammolar va byurokratik to‘siqlar oqibatida mamlakatga tashrif buyuruvchi sayyohlar oqimi sezilarli darajada qisqargani aytilmoqda.
Tailand turizm va sport vaziri Surasak Pxancharoyenvorakul vazirlik turli mamlakatlar fuqarolari duch kelayotgan vizalarning surunkali kechikishi holatlaridan xabardor ekanini tasdiqladi. Shu munosabat bilan, vazirlik yaqin kunlarda bo‘lib o‘tadigan Viza siyosati bo‘yicha qo‘mita yig‘ilishida “xavfsizlik uchun xavf darajasi past” deb topilgan davlatlar uchun 15 kunlik vizasiz kirishni joriy etish masalasini rasman muhokamaga qo‘ymoqchi.
Shuningdek, idora O‘zbekiston fuqarolari uchun viza olish jarayoni o‘ta murakkablashganini, chunki ular Rossiyaning Moskva shahridagi Tailand elchixonasiga murojaat qilishga majbur bo‘layotganini tan oldi. Bu kabi og‘ir va uzoq davom etadigan ma’muriy jarayonlar mahalliy turoperatorlarni Tailand yo‘nalishidagi turistik paketlarni bekor qilib, Vetnam kabi ancha qulay raqobatdosh yo‘nalishlarni tanlashga majbur qilgani ta'kidlanmoqda.
Source: www.gazeta.uz