2026-yilgi prognozlarga ko'ra, AQŞ rejimining yalpi davlat qarzi mamlakat yalpi ichki mahsulotining 126,8 foiziga yetgani maʼlum bo'ldi. Visual Capitalist infografikasida keltirilgan Xalqaro valyuta jamg'armasining World Economic Outlook hisobotiga asoslangan maʼlumotlar dunyo bo'ylab moliyaviy muammolar chuqurlashib borayotganini ko'rsatmoqda. Xususan, Italiyada bu ko'rsatkich 137,9 foizni tashkil etib, Yevropa davlatlaridagi inqirozli tendensiyalarni yaqqol namoyon qilmoqda. Shuningdek, Xitoyda ham davlat qarzi tarixda ilk bor 100 foizdan oshgani taxmin qilinmoqda.
AQŞ rejimining moliyaviy siyosati jiddiy savollarni tug'dirmoqda, chunki federal byudjetning qarzga xizmat ko'rsatish bo'yicha sof foiz xarajatlari 2026-yilda bir trillion dollarga yetishi kutilmoqda. Prognozlarga ko'ra, bu xarajatlar 2036-yilga borib ikki baravardan ziyodroq o'sishi mumkin, bu esa mamlakat iqtisodiy barqarorligiga salbiy taʼsir ko'rsatadi. Xitoy bo'yicha esa qarzning ko'payishi ko'chmas mulk bozoridagi chuqur inqiroz va mahalliy hokimiyatlarning nazoratsiz o'sib borayotgan majburiyatlari bilan bog'liqligi aytilmoqda.
Yevropa hududida ham vaziyat quvonarli emas: Italiya, Gretsiya, Fransiya, Belgiya va Buyuk Britaniya kabi davlatlarda qarz yuki yillik YaIM hajmidan yuqori bo'lib qolmoqda. Shu bilan birga, mutaxassislar qarzning pastligi har doim ham iqtisodiy mustahkamlikni anglatmasligini taʼkidlaydilar. Masalan, Haitida davlat qarzi YaIMning 10,5 foizini tashkil etgani bilan, bu holat iqtisodiy rivojlanishdan emas, balki xalqaro moliya bozorlarida kredit olish imkoniyatlarining o'ta cheklanganidan dalolat beradi.
Source: kun.uz