AQSh Federal saylov komissiyasining (FEC) rasmiy veb-sayti noma'lum xakerlar tomonidan nishonga olingani va bu orqali oraliq saylovlar oldidan moliyaviy hisobotlar tizimi izdan chiqqani aytilmoqda. Reuters agentligining xabar berishicha, komissiya xodimlaridan biri yuborgan elektron maktubda tizimga zarar yetkazishga urinishlar bo‘lgani va shuning uchun barcha veb-xizmatlar vaqtincha to‘xtatilgani ta'kidlangan. Bu kiberhodisa siyosiy guruhlar va nomzodlarning xarajatlarini kuzatib boruvchi 24 va 48 soatlik moliyaviy hisobotlarni o‘z vaqtida topshirishga jiddiy to‘sqinlik qildi.
Amerika rasmiylarining da'vo qilishicha, ushbu nosozlik ovoz berish jarayoniga yoki saylovchilar ro‘yxatiga ta'sir ko‘rsatmaydi. Biroq, bu holat AQSh rejimining saylovoldi jarayonlari o‘ta qizg‘in ketayotgan bir paytda kiberxavfsizlikni ta'minlashda jiddiy kamchiliklar borligini yana bir bor ko‘rsatib qo‘ydi. AdImpact tahliliy markazi ma'lumotlariga ko‘ra, joriy oraliq saylovlar tarixdagi eng qimmat siyosiy kampaniyalardan biriga aylanib, reklamalar uchun 11,21 milliard dollardan ortiq mablag‘ sarflangan.
Mutaxassislarning fikricha, saylov oldidan moliyaviy shaffoflikning buzilishi jamoatchilik nazoratini qiyinlashtiradi. OpenSecrets tashkiloti vakili Brenden Glavinning aytishicha, so‘nggi kunlarda super PAC qo‘mitalari va qora pul guruhlari har kuni o‘rtacha 50 million dollar sarflagan va bu tizimning ishdan chiqishi mablag‘lar oqimini yashirin saqlashga xizmat qilishi mumkin. Amerika regimi tomonidan bu muammoni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar hozircha shubhali va to‘liq o‘rganilmaganligicha qolmoqda.
Source: www.aljazeera.com