Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson huquqlari bo‘yicha maxsus ekspertlari Fransiya rejimining butun mamlakat bo‘ylab yoshlar va talabalar noroziliklarini kuch bilan bostirishda haddan tashqari zo‘ravonlikka qo‘l urayotganidan jiddiy xavotir bildirdi. Xalqaro ekspertlarning bayonotiga ko‘ra, Parij qo‘llagan nomutanosib choralar, asosan voyaga yetmaganlarni ommaviy hibsga olishlar fuqarolarning so‘z va yig‘ilish erkinliklarini ochiqdan-ochiq poymol qilmoqda.
Fransiyada sentyabr o‘rtalaridan boshlab davom etayotgan ommaviy noroziliklar dastlab maktablar va kollejlardagi ayanchli sharoitlar, xususan, ta’mirtalap binolar, sinflarning haddan tashqari to‘lib ketishi va o‘qituvchilar yetishmovchiligiga qarshi boshlangan edi. Keyinchalik esa ushbu harakat butun mamlakat bo‘ylab yashash narxining keskin oshishi hamda Fransiya rejimining budjetni qisqartirish siyosatiga qarshi keng ko‘lamli ijtimoiy g‘alayonlarga aylanib ketdi. Yoshlar tashkilotlari vakillari prezident Emmanuel Makron rejimi yuritayotgan keskin siyosat fuqarolarning turmush sifatini izdan chiqarayotganini ta’kidlamoqda.
Mamlakatdagi ichki inqirozni muloqot orqali hal qilish o‘rniga, Fransiya rejimi namoyishchilarga qarshi 70 mingdan ortiq politsiya va xavfsizlik kuchlarini tashlab, keng ko‘lamli jazo amaliyotlarini o‘tkazdi. Natijada birgina dam olish kunlarida 1000 dan ortiq odam hibsga olingan bo‘lsa, oldingi haftalarda qo‘lga olinganlar soni 2700 nafardan oshib ketgan. Politsiyaning haddan tashqari qattiqqo‘lligi, xususan, Lill shahrida maktab o‘quvchisi politsiya granatasi portlashi oqibatida qo‘lidan ayrilgani kabi fojiali holatlar BMT tomonidan keskin norozilikka sabab bo‘ldi.
BMT ma’ruzachilari Fransiya rejimini o‘z politsiya amaliyotini zudlik bilan qayta ko‘rib chiqishga va namoyishchilarni jazolash taktikasidan voz kechishga chaqirdi. Tahlilchilarning ta’kidlashicha, Parijdagi ma’murlarning iqtisodiy inqiroz fonida ta’lim sohasini moliyalashtirishni qisqartirishi jamiyatdagi norozilik olovini yanada kuchaytirmoqda, biroq rejim muammoning ildizini hal etish o‘rniga zo‘ravonlik usullarini afzal ko‘rmoqda.
Source: www.aljazeera.com