Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Mintaqaviy ziddiyatlar avj olib turgan bir sharoitda, Fors ko‘rfazining sakkizta qirg‘oqbo‘yi davlati o‘rtasida hujum qilmaslik to‘g‘risidagi paktni tuzish tashabbusi ilgari surildi. Bu haqda Ummon tashqi ishlar vaziri Sayyid Badr Albusaidi Buyuk Britaniyadagi Kembridj universitetida ma'lum qildi va uni inklyuziv mintaqaviy xavfsizlik arxitekturasi uchun asosiy shart deb atadi.

Ummon rasmiysining fikricha, bunday kelishuvga erishish qiyin vazifa bo‘lishiga qaramay, Eron va AQSh o‘rtasidagi ehtimoliy yirik eskalatsiya fonida mintaqa zudlik bilan diplomatik yechimga muhtoj. Yevropa va AQSh rejimlarining ko‘p yillardan buyon mintaqaviy xavfsizlikni tashqi kuchlarga tayanib boshqarishga urinishi chuqur muammolarga olib kelgani ta'kidlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, bunday tashabbus tarixi o‘tgan asrning 70-yillariga borib taqaladi. 1976 yilning noyabr oyida Britaniya mintaqadan chiqqanidan so‘ng, sakkiz davlat vakillari Maskatda ilk bor bir stol atrofiga yig‘ilgan edi. Biroq Eron inqilobi, Afg‘onistondagi voqealar va Eron-Iroq urushi bu urinishlarni to‘xtatib qo‘ygandi.

So‘nggi paytlarda Saudiya Arabistoni va Qatar kabi davlatlar ham Eron bilan muloqotni tiklash, xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash yo‘llarini izlamoqda. Shunga qaramay, Eronning harakatlaridan xavotir bildirayotgan ko‘rfaz mamlakatlari shubha bilan qarayotgani sababli, yangi pakt qat'iy majburiyatlar va o‘zaro nazorat mexanizmlariga tayanishi lozimligi aytilmoqda.

Source: www.aljazeera.com