️ Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) Eron inson huquqlari buzilishlarini tekshirish boʻyicha mustaqil komissiyasi 4-mart kuni AQSh va Isroilning Eron ustidan harbiy harakatlarini qoralagan bayonot chiqardi. Komissiya bu harakatlarni BMT Nizomiga zid deb baholadi, chunki u har qanday davlatning hududiy yaxlitligi yoki siyosiy mustaqilligiga kuch ishlatishni taqiqlaydi.
️ Komissiya aʼzolari xalqaro huquq normalari barcha davlatlar uchun bir xil va izchil qoʻllanishi kerakligini taʼkidlab, ularning har bir holatga qarab oʻzgarishi mumkin emasligini bildirdi. Ular, shuningdek, Eronning Yaqin Sharqdagi obʼyektlarga javobiy hujumlari ham ushbu tamoyillarga zid ekanligini qayd etdi.
️ Bayonotda Eron aholisi ikki tomonlama bosim ostida qolgani haqida gap boradi: bir tomondan, keng koʻlamli harbiy kampaniya, ikkinchi tomondan, koʻp yillar davomida inson huquqlarini buzayotgan mamlakat hokimiyati. Komissiya maʼlumotlariga koʻra, aholi 2025-yil 28-dekabrda boshlangan norozilik namoyishlarining qattiq bostirilishidan hali tiklana olmagan.
️ Bundan tashqari, komissiya Minob shahridagi qizlar maktabiga qilingan hujum haqidagi xabarlardan chuqur hayratda qolganini bildirdi. Eron rasmiylari maʼlumotlariga koʻra, hujum natijasida 150 dan ortiq oʻquvchi va oʻqituvchi halok boʻlgan, ularning aksariyati 7 yoshdan 12 yoshgacha boʻlgan qiz bolalar edi. Komissiya bu voqea inson huquqlari inqirozining yana bir ogʻir namunasi ekanligini taʼkidladi.
Source: kun.uz