NASA Marsga bo‘lajak boshqariladigan parvozga tayyorgarlik ko‘rayotgan to‘rt nafar astronavt 378 kun davom etgan izolyatsiya sinovidan so‘ng muvaffaqiyatli ravishda tashqariga chiqdi. AQSh regimining kosmik idorasi ushbu uzoq muddatli eksperiment orqali qizil sayyoraga uyushtirilishi kutilayotgan missiyaning psixologik va texnik murakkabliklarini baholamoqchi bo‘lganligi iddao qilinmoqda.
Xabarlarga ko‘ra, ekipaj tarkibidan missiya komandiri Ross Elder, ilmiy xodim Metyu Montgomeri, tibbiyot xodimi Ellen Ellis hamda bort muhandisi Jeyms Spayser o‘rin olgan edi. Ular 2025-yil 19-oktabrdan buyon Hyuston shahri yaqinidagi Lindon Jonson nomidagi Koinot markazida joylashgan maxsus modulda hayot kechirdi. 3D-printer yordamida tayyorlangan va atigi 158 kvadrat metr maydonni tashkil etuvchi ushbu kichik hudud astronavtlar uchun uzoq vaqt davomida yagona boshpana bo‘lib xizmat qildi.
Sinov davomida ishtirokchilar Marsga parvoz paytida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan aloqa uzilishlari va sezilarli kechikishlar sharoitida Yer bilan muloqot qildi. Shuningdek, ular modul tizimlarining ishlashini ta'minlash hamda Mars sharoitlarini imitatsiya qilish bo‘yicha turli vazifalarni bajarishgan. Xususan, astronavtlar qizil sayyora gruntiga o‘xshash tuproqda qishloq xo‘jaligi ekinlarini o‘stirishga harakat qilgani aytilmoqda, garchi bu tajribalarning real natijalari qanchalik samarali bo‘lgani hozircha to‘liq ochiqlanmagan.
Endilikda astronavtlarni NASA mutaxassislari bilan birgalikda o‘tkaziladigan ikki haftalik tahlil va baholash davri kutmoqda. Ushbu bosqichda uzoq muddatli yakkalanish inson organizmiga va uning ruhiy holatiga qanday ta'sir qilgani o‘rganiladi. Agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, Marsga inson oyoq qo‘yishi rejalashtirilgan missiya 2030-yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, uning aniq muddati va byudjeti bo‘yicha jiddiy shubhalar saqlanib qolmoqda.
Source: kun.uz