Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Xitoy hududida taxminan 538 million yil avval yashagan, og'zi atrofida tikanlari bo'lgan mitti chuvalchangsimon jonivor qoldiqlari topilgani ma'lum qilindi. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, uning tanasini tolalar, plastinkalar va ichi kovak tikanlardan tuzilgan egiluvchan qoplama o'rab turgan. Noodatiy darajada yaxshi saqlangan bu qazilma olimlarga qadimiy hayvonning tashqi ko'rinishinigina emas, balki uning qoplamasining nozik tuzilishini ham batafsil o'rganish imkonini berdi.

Pekin universiteti paleontologlari Xitoydagi kremniyga boy tog' jinslaridan topilgan ushbu qoldiqlarni o'rganib chiqib, qadimiy hayvonning yangi turini tavsifladilar. Unga rasman Spinosoma reticulatus nomi berilgan bo'lib, tadqiqot natijalari nufuzli Communications Biology jurnalida e'lon qilindi. Kembriy davrining boshlaridayoq dengizlarda tashqi qoplamasi murakkab tuzilgan jonivorlar yashagani ma'lum, biroq ularning yumshoq to'qimalari alohida a'zolarini o'rganish mumkin bo'lgan darajada kamdan-kam saqlanadi.

Tadqiqotchilarning fikricha, eng qadimgi hayvonlar haqidagi mavjud bilimlar ko'p jihatdan qaysi to'qimalar qanday jinslar orasida saqlanib qolganiga bog'liq bo'lib qolmoqda. Bunday topilmalar po'st tashlovchi hayvonlarning kelib chiqishini o'rganish uchun ayniqsa muhim ahamiyat kasb etadi. Bu ulkan evolyutsion guruhga bugungi bo'g'imoyoqlilar, yumaloq chuvalchanglar va boshqa jonivorlar kirib, ularning umumiy xususiyati o'sish jarayonida tashqi qoplamasini tashlab, yangilab turishidan iboratdir.

Xitoylik olimlar avval ham qadimgi chuvalchanglarning ayrim a'zolarini o'rganib, ularning po'st tashlaganini ko'rsatuvchi ayrim dalillarni topgan edilar. Biroq bunday topilmalarning katta qismi sayoz suvli muhit bilan bog'liq bo'lib, to'qimalar o'rnini fosfat minerallari egallashi tufayli saqlangan edi. Yangi tadqiqotda esa boshqacha material — kremniyga boy jinslar ichidagi qoldiqlar o'rganilib, ular joylashgan qatlamlarning yoshi taxminan 538 million yil deb baholandi.

Source: kun.uz