️ Xitoy hukumati 2026-yil uchun Yalpi Ichki Mahsulot (YIM) o‘sish sur’atini 4,5% dan 5% gacha bo‘lgan oraliqda belgiladi. CNN va BBC News xabariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 1991-yildan beri eng past darajani tashkil etadi. So‘nggi uch yil davomida rasmiylar iqtisodiy o‘sish maqsadini “taxminan 5%” darajasida belgilab kelgan edi, 2020-yilda esa pandemiya tufayli maqsadli ko‘rsatkich umuman belgilanmagan edi.
️ Davlat kengashi bosh vaziri Li Syan Butunxitoy xalq vakillari kengashi sessiyasining ochilishida mamlakat iqtisodiy vaziyatini baholab, “Ko‘p yillar davomida biz tashqi zarbalar va chaqiriqlar ichki qiyinchiliklar hamda qat’iy siyosiy qarorlar bilan chirmashib ketgan bu qadar jiddiy va murakkab vaziyatga kamdan kam duch kelgandik”, dedi. U iqtisodiyot hali ham “chuqur ildiz otgan tarkibiy muammolar” sharoitida qolayotganini tan oldi, biroq shu bilan birga, o‘tgan yil davomida “hayratlanarli barqarorlik namoyish etganini” ta’kidladi.
️ BBC News’ning ta’kidlashicha, Pekin iste’molning zaifligi, aholi sonining kamayishi va ko‘chmas mulk bozoridagi inqiroz kabi ichki muammolar, shuningdek, AQSh bilan savdo tarangligi hamda Erondagi urush sababli yuzaga kelgan energetika inqirozi kabi tashqi beqarorliklar fonida o‘z iqtisodiyotini qayta qurishga intilmoqda. Li Syan Xitoyning 2030-yilgacha bo‘lgan iqtisodiy rivojlanish rejasi innovatsiyalar, yuqori texnologik tarmoqlar, ilmiy tadqiqotlarga investitsiyalar kiritishni va uy xo‘jaliklari iste’molini rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha sa’y-harakatlarni o‘z ichiga olishini e’lon qildi.
️ Kelgusi besh yil ichida hukumat Xitoy Xalq Respublikasining sanoat salohiyatini kengaytirish maqsadida ilm-fan va texnologiya, transport hamda energetika sohalarida 100 dan ortiq yirik loyihani amalga oshirishni rejalashtirmoqda. 1970-yillar oxirida boshlangan iqtisodiy islohotlar qariyb uchta o‘nyillik davomida Xitoyning ikki xonali sonlardagi o‘sishini ta’minlab keldi, 2010-yilda esa mamlakat Yaponiyani ortda qoldirib, dunyoning ikkinchi yirik iqtisodiyotiga aylandi.
️ Biroq, CNN’ning tushuntirishicha, so‘nggi o‘n yil ichida o‘sish sur’atlari sekinlashdi, iqtisodiy vaziyat esa rasmiylarning pandemiyaga qarshi kurashdagi qat’iy choralari tufayli yanada og‘irlashdi. Xitoy iqtisodiy o‘sishining asosiy harakatlantiruvchi kuchlari bo‘lgan uy-joy qurilishi, ishlab chiqarish va infratuzilmaga kiritilgan investitsiyalar o‘tgan yili pasayish ko‘rsatdi. Telekanalning qayd etishicha, ko‘chmas mulk sohasidagi inqiroz beshinchi yildirki davom etmoqda, bu esa iqtisodiyotni sekinlashtirib, iste’molchilarning ishonchini pasaytirmoqda.
Source: www.gazeta.uz