Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, fevral oyida AQSh va Isroil rejimlarining Eronga qarshi urushi boshlanganidan buyon Hurmuz bo‘g‘ozi va uning atrofida kamida 25 nafar dengizchi halok bo‘ldi. Ushbu raqamlar juma kuni BMT Xavfsizlik Kengashining yig‘ilishida e'lon qilindi. BMT Bosh kotibining Yaqin Sharq, Osiyo va Tinch okeani bo‘yicha yordamchisi Xolid Xiyoriyning ta'kidlashicha, statistika 11-noyabrgacha bo‘lgan davrni qamrab oladi va dengiz qatnovi to‘liq tiklanmasa, hudud doimiy beqarorlikka yuz tutishi mumkin.
Asosiy faktlar: BMT fevraldan buyon Hurmuz atrofida kamida 25 nafar dengizchining halok bo‘lganini qayd etdi, Xalqaro dengiz tashkiloti (IMO) esa 1-martdan 11-noyabrgacha kemalar bilan bog‘liq 136 ta xavfsizlik hodisasini qayd qildi — ularning 35 tasi faqat oktyabr oyiga to‘g‘ri keladi. Bo‘g‘oz orqali yuk tashish urushdan oldingi darajaga nisbatan qariyb 65 foizga kamaygan.
Jahon neft savdosining qariyb beshdan bir qismi odatda aynan shu bo‘g‘oz orqali o‘tadi. Fevraldan buyon u bahsli va xavfli hududga aylandi. Eron hukumati kemalar bo‘g‘ozdan o‘tishdan oldin uning ruxsatini olishi shartligini bildirib, tartib-qoidani buzgan kemalarga nisbatan choralar ko‘rib kelmoqda. Bu holat sug‘urta kompaniyalarini risklarni qayta baholashga majbur qildi, energiya va transport xarajatlarini oshirdi. BMT ta'kidlashicha, bunday oqibatlar Fors ko‘rfazi bilan cheklanib qolmay, global iqtisodiyotga ham ta'sir o‘tkazmoqda.
«Bu vaziyat yangi me'yorga aylanib qolishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi», — dedi Xiyoriy Kengashning 15 a'zosiga murojaat qilib va «hududda dengiz qatnovini to‘liq tiklash»ga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xavfsizlik hodisalari soni ortib bormoqda, oktyabr oyi mojaro boshlanganidan buyon eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan, noyabrning dastlabki 11 kunida esa yana 10 ta hodisa qayd qilingan. «Har kuni dengiz hodisalari haqida yangi xabarlar keladi, — dedi u. — Bu hodisalar qabul qilinishi mumkin emas. Fuqarolik kemalari va tijorat yuk tashish nishonga aylanmasligi kerak».
Eron harbiy-dengiz kuchlari IRIB telekanali orqali tarqatgan bayonotida ogohlantirdi: «Hurmuz bo‘g‘ozining sharqidagi taqiqlangan hududdan o‘tayotgan har qanday qoidabuzar tanker dengiz minasiga urilib yondiriladi». Shanba kuni uchta neft tankeri «ruxsat etilmagan» yoki «cheklangan» hududlarda minaga urilib, yonib ketgani xabar qilindi. Eron rasmiylari bo‘g‘oz AQSh talablarini bajarmaguncha to‘liq ochilmasligini ta'kidlamoqda: Eron portlarining dengiz blokadasini tugatish, iqtisodiy sanksiyalarni bekor qilish, muzlatilgan mablag‘larni qaytarish, barcha jabhalarda janglarni to‘xtatish va urush tugaganini ochiq e'lon qilish.
AQSh rejimining harbiylari bo‘g‘ozning asosiy yo‘nalishlarini minalardan tozalaganini va suv yo‘li tijorat kemalari uchun ochiq ekanini da'vo qilmoqda — bu ma'lumot mustaqil tasdiqlanmagan va Buyuk Britaniyaning UKMTO dengiz monitoring tuzilmasi ma'lumotlariga zid ko‘rinadi; unga ko‘ra yuk tashish urushdan oldingi darajadan qariyb 65 foiz past. Xiyoriyning so‘zlariga ko‘ra, «Yaqin Sharqdagi hozirgi dengiz tartibi qimmat, oldindan aytib bo‘lmaydigan va xavfli bo‘lib qolmoqda», uzilishlar esa energiya, transport va sug‘urta xarajatlarini oshirib, inflyatsiyani kuchaytirmoqda va o‘g‘it yetkazib berishdagi cheklovlar sharoitida oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid solmoqda. Muzokaralar hozircha rejalashtirilmagan, diplomatlar Xavfsizlik Kengashi masalani yaqin haftalarda yana ko‘rib chiqishini kutmoqda.
Source: www.aljazeera.com