Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda so‘nggi to‘rt yil ichida o‘rtacha rasmiy ish haqi ikki baravar oshib, 6,8 million so‘mga yetdi. Bu, shubhasiz, katta yutuq. Biroq, ishlayotgan aholining uchdan ikki qismida ish haqi o‘sishi o‘rtacha ko‘rsatkichdan orqada qolmoqda.

Iqtisodiyot yildan-yilga o‘smoqda. 2026-yil birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, o‘rtacha oylik ish haqi 6 million 825 ming so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 17,4 foizga oshgan.

Kimning maoshi tezroq o‘smoqda? So‘nggi to‘rt yillikda ko‘chmas mulk bilan operatsiyalar sohasida ish haqi 2,8 baravar, davlat boshqaruvi va mudofaada 2,6 baravar, axborot va aloqa sohasida 2,5 baravar oshgan.

Aksincha, qurilishda (+54%), tog‘-kon sanoatida (+64%) va qishloq xo‘jaligida (+64%) daromad o‘sishi ancha past bo‘lgan. Ishlab chiqarish sanoati (+76%), sog‘liqni saqlash (+77%), ta’lim (+83%), san’at (+89%) va ulgurji-chakana savdo (+99,4%) sohalarida ham o‘sish o‘rtacha respublika ko‘rsatkichidan sekinroq bo‘lgan. Ushbu tarmoqlarda 10 million 11,2 ming kishi ishlaydi, ya’ni barcha ishchilarning 67 foizi.

Nima uchun bu yomon? Yuqori inflyatsiya darajasi kam daromadli qatlamlarga kuchliroq ta’sir qiladi. Rivojlanayotgan mamlakatlarda kambag‘allar daromadlarining asosiy qismini oziq-ovqat, dori-darmon, kommunal xizmatlar va transportga sarflaydi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda umumiy inflyatsiya 42 foizni tashkil etdi. Ammo go‘sht, tuxum, suv, elektr energiyasi, gaz va boshqa yoqilg‘i turlari narxlari umumiy inflyatsiyadan bir necha baravar yuqori o‘sdi. Kam daromadli odam daromadining 60 foizini ovqatga sarflasa, inflyatsiyani boyroq odamga qaraganda keskinroq his qiladi.

Natijada, ish haqi raqamlarda oshgan bo‘lsa-da, aholining xarid qobiliyati kutilgan darajada oshmayapti. Ta’lim sohasidagi ish haqi 2022-yilda o‘rtacha ish haqining 73,5 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 2026-yilda bu ko‘rsatkich 67,6 foizga tushgan. Sog‘liqni saqlashda esa 68 foizdan 60,2 foizga kamaygan. Qayta sug‘urtalash sohasidagi o‘rtacha ish haqi maktabgacha ta’limdagidan 9,8 baravar yuqori – to‘rt yil oldin bu farq 5,9 baravar edi.

Kam ta’minlangan oilalarda xarid qobiliyatining pasayishi nafaqat ijtimoiy, balki makroiqtisodiy nuqtai nazardan ham xavfli. Odamlarda ortiqcha pul qolmasa, ular asosan oziq-ovqat sotib olish bilan cheklanadi. Natijada maishiy texnika, kiyim-kechak va xizmatlar savdosi sekinlashadi, bu ishlab chiqarish va chakana savdoning turg‘unligiga olib keladi.

Bundan tashqari, real daromadlarning nisbiy pasayishi joriy ehtiyojlarni qoplash uchun iste’mol kreditlari va mikrokreditlar olishni rag‘batlantiradi. Qarz yukining o‘sishi, o‘z navbatida, yashash sharoitlarini yomonlashtiradi.

Shuningdek, O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyot ulushi yuqori bo‘lgani sababli, bir qator tarmoqlarda “hujjat bo‘yicha” daromadlar bilan real daromadlar o‘rtasida sezilarli farq bo‘lishi mumkin.

Source: kun.uz