Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toza ichimlik suvidan foydalanish insonning eng asosiy huquqlaridan biri hisoblanadi. Shunga qaramay, dunyoning 2,1 milliard aholisi, ya’ni har to‘rtinchi odam hanuz xavfsiz ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatiga ega emas.

2025-yil holatiga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining 81,5 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Ichimlik suvi ta’minoti bilan bog‘liq muammosi bor 18,5 foiz aholi qatoriga yaqinga qadar Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanidagi “Baxt”liklar ham kirgan.

“O‘zbekistonning olis hududlarini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash va sanitariya loyihasi” doirasida “Baxt” mahalla fuqarolar yig‘inida suv infratuzilmasi qurib bitirildi. Loyiha “JTI Global WASH Initiative SA”, Aholi turmush tarzini rivojlantirishga ko‘maklashish respublika “Taraqqiyot” jamg‘armasi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining hamkorligida amalga oshirilgan.

“Baxt” MFYdagi qariyb 1000 ga yaqin xonadonda 6 mingga yaqin kishi yashaydi. Yillar davomida u yerda markazlashgan ichimlik suv tarmog‘i bo‘lmagan. Mahalliy aholiga ko‘ra, ular kundalik ehtiyojlari uchun Norin daryosidan kelib quyiladigan, mahalla hududidagi anhor suvidan foydalangan.

Gulshanoy Ismatova: “Boshqa qishloq va fermer xo‘jaliklariga ham yetishi uchun kanalga suv interval bilan beriladi — besh kun kelsa, besh kun kelmaydi. Ayniqsa, bug‘doy, g‘o‘za va qulupnay mavsumida bu odatiy hol. Kun isigani sayin suvga bo‘lgan ehtiyoj yuqori bo‘ladi. Qishning izg‘irinida esa suv tashish yoqimli emas. Shu sabab anhorda suv bor paytda ko‘proq olib, zaxira qilib ishlatardik.”

JTI kompaniyasining O‘zbekistondagi rahbari Dmitriy Apalikovning ma’lum qilishicha, “Soycha”, “Baxt” va “Farg‘ona” kabi ichimlik suvi muammo bo‘lgan hududlarda yashash sharoiti yaxshilanishi uchun infratuzilma qurishga qariyb 2 million dollar sarmoya kiritilgan.

Suv minorasi haqida “Taraqqiyot” markazining rahbari Feruza Madaliyeva: “Suvni quduqdan tortib olish uchun 30 metr chuqurlikka nasos joylangan. U bir soatda 70 metr kubgacha suvni minoraga uzatib berish quvvatiga ega. Minoraga chiqib, maxsus uskunalar yordamida zararsizlantirilgan suv tarmoq orqali aholiga taqsimlanadi.”

Uning qo‘shimcha qilishicha, jarayonda mahalladagilarning o‘zi ham ishtirok etib, quduq qazilishiga bosh-qosh bo‘lgan. Daxldorlik hissini shakllantirish uchun tizim boshqaruvi va uning ijtimoiy monitoringi fuqarolarning o‘ziga havola etilgan. Adliya vazirligidan NNT sifatida ro‘yxatdan o‘tgan suv tashkilotiga mahalladoshlarning o‘zi “Baxt bulog‘i” nomini bergan.

“Dastlab saylov asosida mahalliy aholidan iborat 50−100 kishilik kengash tuzildi. Ulardan 3 nafari nazorat taftish qo‘mitasiga, 5−7 nafari boshqaruv organiga saylandi. Hozir mahalliy aholidan caylangan ijrochi qo‘mitada — direktor, santexnik va g‘aznachi ishlaydi. Ishga kirishishdan oldingi trening-seminarlarda boshqaruv bilan bog‘liq qo‘llanmalar berildi”, — deydi “Baxt bulog‘i”ning rahbari Muqaddam Qo‘chqorova.

Feruza Madaliyevaning ta’kidlashicha, bir kub metr suv uchun 6500 so‘mlik tarif miqdori ham aholi ishtirokida kelishilgan. Ushbu narx kelgusidagi kapital xarajatlarni qoplash, amortizatsiya jamg‘armasini shakllantirish, xodimlar ish haqi va elektr energiyasi to‘lovlarini amalga oshirish, shuningdek, ehtimoliy favqulodda ta’mirlash ishlari xarajatlarini hisobga olgan holda belgilangan.

Dastlabki manzili Namangan viloyatining Kosonsoy tumanidagi 4875 nafar aholi yashaydigan “Soycha” MFY bo‘lgan loyiha hali davom etadi. “25 000 aholini qamrab olish uchun loyihani Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanidagi “Bordon” MFYda ham amalga oshirish rejalashtirilgan”, — deydi JTI O‘zbekiston rahbari Dmitriy Apalikov.

Avvalroq xabar berilganidek, ushbu loyiha amalga oshirilishi uchun hududlar bir nechta mezon asosida saralangan. Birinchi navbatda aholining 4000 kishidan ko‘p bo‘lishiga e’tibor berilgan. Ikkinchidan, ichimlik suvi ta’minoti darajasi hisobga olingan — Namangan viloyati aholisining 13 foizi, Farg‘ona viloyatining esa 17,5 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan. Shuningdek, aholining loyihada ishtirok etishga tayyorligi va boshqaruv vakillarini o‘z ichidan shakllantirish imkoniyati ham muhim bo‘lgan. Qolaversa, suv orqali yuqadigan kasalliklar darajasi va muqobil ichimlik suv manbalarining mavjudligi inobatga olingan.

Source: www.gazeta.uz