Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida shaharda yashovchi fuqaroning uyida va uning “Gazel” avtomashinasida katta miqdorda dori vositalari topildi.
Tadbir davomida fuqaroning uyida 38 nomdagi 29,4 ming donadan ortiq dori vositalari saqlanayotgani aniqlandi. Shuningdek, “Gazel” avtomashinasida 25 nomdagi 16,5 ming donadan ortiq dori vositalari olib kirilayotgani ma’lum bo‘ldi.
Tekshiruv natijasida 46 mingga yaqin dori vositalari sifat kafolati va tegishli hujjatlarsiz, saqlash va tashish qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan holda saqlangani aniqlangan. Dori vositalarining taxminiy qiymati 1 milliard 247 million so‘mni tashkil etadi.
Barcha mahsulot vaqtinchalik saqlashga olingan. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Source: kun.uz