Bugun, 1-iyun kuni, O‘zbekistondagi nodavlat oliy ta’lim muassasalarida 2026-2027 o‘quv yili uchun qabul kampaniyasi start oldi. Qabul faqat davlat akkreditatsiyasidan o‘tgan ta’lim dasturlari bo‘yicha amalga oshiriladi.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, nodavlat oliy ta’lim muassasalariga talabalar qabuli har yili iyundan sentyabrgacha o‘tkaziladi. Shu munosabat bilan 1-iyundan boshlab abituriyentlardan yangi o‘quv yili uchun hujjatlar qabul qilina boshladi.
Mavjud tartibga ko‘ra, maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tmagan ta’lim dasturlari bo‘yicha talabalarni o‘qishga qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Shuning uchun xususiy oliy o‘quv yurtlari faqat akkreditatsiyadan o‘tgan yo‘nalishlar bo‘yicha qabul o‘tkazishi mumkin.
Shuningdek, 2025-yil 1-avgustdan boshlab har bir nodavlat oliy ta’lim muassasasi uchun maksimal qabul parametrlari belgilangan. Qabul kvotalari universitetlarning moddiy-texnika bazasi, pedagogik salohiyati va o‘quv-dasturiy ta’minoti asosida tasdiqlanadi.
Avvalroq nodavlat ta’lim xizmatlari sifatini oshirishga qaratilgan qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga chiqarilgan edi. Unda nodavlat ta’lim muassasalarida qabulni yiliga ikki marta – 15-oktyabr va 15-fevralgacha o‘tkazish taklif qilingan edi.
Source: kun.uz