Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-may kuni “Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Hujjat oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, doktorantlar tayyorlash jarayonlarini takomillashtirish va dissertatsiya tadqiqotlarining sifati hamda ilmiy-amaliy ahamiyatini oshirishni maqsad qilgan.

Farmon bilan ilmiy kadrlar tayyorlashning 7 ta ustuvor yo‘nalishi belgilandi: raqamli va axborot texnologiyalari (sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik), atom va qayta tiklanuvchi energiya, agroinnovatsiyalar, tibbiyot va biotexnologiyalar, suv resurslaridan foydalanish, yangi materiallar va ilg‘or ishlab chiqarish texnologiyalari hamda seysmik xavfsizlik. 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab davlat budjeti hisobidan ajratiladigan doktorantura kvotalarining kamida 60 foizi ushbu yo‘nalishlarga yo‘naltiriladi.

Differensial stipendiya tizimi joriy etilib, ustuvor ixtisosliklar bo‘yicha doktorantlar bazaviy stipendiyaning 1,7 baravari miqdorida oshirilgan stipendiya oladi. Doktoranturaga qabul qilish tartibi ham o‘zgaradi: ustuvor yo‘nalishlarga kirish imtihoni o‘rniga ilmiy tadqiqot ishi taqdimoti asosida amalga oshiriladi. Shuningdek, milliy sertifikatga ega bo‘lgan talabgorlar mutaxassislik fanidan imtihondan ozod etilmaydi.

Tayanch doktoranturaning birinchi yilida sohaviy fanlar, ilmiy tadqiqot metodologiyasi, akademik yozish, statistika va ma’lumotlar tahlili bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etiladi. Ilmiy rahbarga doktorant ixtisosligiga mos fan tarmog‘ida tadqiqot tajribasiga ega bo‘lish talabi qo‘yiladi. 2027 yildan boshlab ilmiy rahbarlik uchun oylik to‘lov o‘rniga bir martalik rag‘batlantirish to‘lovi joriy etiladi: Xirsh indeksi 5 dan kam bo‘lgan rahbarga 40 baravar, 5 dan yuqori bo‘lganiga 80 baravar miqdorda.

“Loyiha doirasida ilmiy daraja” dasturi yo‘lga qo‘yiladi. Unga ko‘ra, doktorantlar uch yildan ortiq bo‘lmagan tadqiqot loyihalari doirasida PhD darajasini olishlari mumkin. Loyiha rahbari doktorantni tanlov asosida qabul qiladi va uning ilmiy rahbari hisoblanadi. Tadqiqot loyihasi davrida himoya qilingan dissertatsiya ilmiy hisobotidan ekspertiza o‘tkazilmaydi.

2027 yil 1 yanvardan ilmiy darajalar berishda bir qator tartiblar bekor qilinadi. Ilmiy kengashlar faoliyati samaradorligini baholash reyting tizimi joriy etiladi, natijalar internetda e’lon qilinadi. Samaradorligi past kengashlarga nisbatan OAK choralar qo‘llaydi, jumladan, ularning qarorlarini bekor qilish vakolatiga ega bo‘ladi.

Tadbirkorlik subyektlarining ilmiy tadqiqotlardagi ishtirokini kengaytirish maqsadida “Amaliy doktorantura (PhD)” dasturi amalga oshiriladi. Dissertatsiya mavzusi sanoat hamkorining talabidan kelib chiqib belgilanadi. Loyiha sanoat hamkori bilan birgalikda moliyalashtiriladi. Yuqori reytingga ega tadbirkorlik subyektlari ilmiy loyihalarni moliyalashtirish xarajatlarini 150 foiz miqdorda chegirib tashlash huquqiga ega bo‘ladi.

Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridan Fanlar akademiyasi tizimiga o‘tkaziladi. OAK faqat tashkiliy jihatdan Akademiyaga bo‘ysunadi, vazifalarni mustaqil bajaradi. OAK raisi Fanlar akademiyasi prezidenti tavsiyasiga ko‘ra, Prezident administratsiyasi bilan kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasi tomonidan 5 yil muddatga tayinlanadi. Bir shaxs ikki muddatdan ortiq raislik qila olmaydi.

2026 yil 1 avgustgacha barcha dissertatsiya himoyasi jarayonlari yagona onlayn tizimga o‘tkazilishi kerak. Bu ilmiy ish va avtoreferatni taqdim etish, retsenzent va opponentlar fikrlarini yuborish, himoyani rejalashtirish va baholashni o‘z ichiga oladi.

Source: www.gazeta.uz