Prezident madaniyat va san’at xodimlari bilan uchrashuvda bir qator ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralarini e’lon qildi.
Yangi tizimga ko‘ra, har yili ming nafar shoir, yozuvchi, madaniyat va san’at arboblari, muzey xodimlari va rassomlarga uy-joy ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki to‘lovning 50 foizi qoplab beriladi.
Shuningdek, boshqa hududlardan kelgan mutaxassislar uchun ijara xarajatlari qoplanadi: Toshkentda oyiga 2,5 million so‘mgacha, viloyatlarda esa 1,6 million so‘mgacha.
Har yili sohada yuqori natijalarga erishgan ming nafar xodim Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan bepul davolanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Yana ikki ming nafar ijodkor davlat tibbiy sug‘urta paketi bilan ta’minlanadi. Sohada kamida 10 yil ishlagan xodimlar sanatoriyalarga bepul yo‘llanma olishadi.
15 iyundan boshlab “Xalq artisti”, “Xalq shoiri”, “Xalq yozuvchisi” kabi faxriy unvonlarga ega bo‘lgan ijodkorlar aeroport va temiryo‘l vokzallarining VIP zallaridan bepul foydalanishlari mumkin.
Source: uznews.uz