O‘zbekiston Markaziy bankining navbatdagi so‘rovnomasiga ko‘ra, aprel oyida aholining yillik inflyatsion kutilmalari 10,6 foizni tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 0,4 foiz bandga kamaydi. Bu ko‘rsatkich aholining kelgusi 12 oy ichida narxlar o‘sishi haqidagi taxminlarini aks ettiradi.
Tadbirkorlik subyektlari orasida inflyatsion kutilmalar ham pasaygan: aprelda 10,3 foizni tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 0,4 foiz bandga kamaygan. Biroq, so‘rovnoma natijalari xavotirlarning ayrim omillar bo‘yicha kuchayganini ko‘rsatadi.
Aholi orasida kommunal xizmatlar va yoqilg‘i-energiya resurslari narxlarining oshishi bilan bog‘liq xavotirlar ketma-ket ikkinchi oy ortgan. Asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari, shuningdek, ish haqi va nafaqalar miqdorining oshishi inflyatsiyaga ta’sir etuvchi omillar sifatida qayd etilgan. Valyuta kursi o‘zgarishi bilan bog‘liq xavotirlar esa biroz pasaygan.
Tadbirkorlar uchun asosiy xavotir manbai kommunal xizmatlar va yoqilg‘i-energiya narxlari bo‘lib qolmoqda. Aprelda transport xarajatlari va xomashyo narxlarining oshishi bilan bog‘liq xavotirlar ham kuchaygan. Bu, Markaziy bank sharhiga ko‘ra, so‘nggi oylarda geosiyosiy keskinliklar tufayli logistikadagi uzilishlar bilan izohlanadi. Valyuta kursi o‘zgarishi va soliq yuki yuqoriligidan xavotir bildirganlar ulushi ham ortgan.
Aholining turli toifalari orasida eng yuqori inflyatsion kutilmalar pensionerlar tomonidan, eng pasti esa talabalar tomonidan qayd etilgan. Tadbirkorlar orasida eng yuqori kutilmalar madaniyat va san’at sohasida, eng pasti esa tashish xizmatlari sohasida kuzatilgan.
Hududlar kesimida eng yuqori inflyatsion kutilmalar Toshkent shahri, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlarida, eng pasti esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Navoiy viloyatida qayd etilgan.
Source: www.gazeta.uz