Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Ijtimoiy tarmoqlarda Sergeli avtomobil bozori buzilishi haqida tarqalgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Ayni paytda bozor hududida rejali qurilish, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda, deb xabar berdi poytaxt hokimligi matbuot xizmati.

Hokimlikning ta’kidlashicha, bozor odatdagi tartibda o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Olib borilayotgan ishlardan ko‘zlangan maqsad bozor infratuzilmasini yangilash, xavfsiz hamda zamonaviy savdo muhitini yaratishdan iborat.

Ayni paytda bozorda quyidagi ishlar amalga oshirilmoqda: Shuningdek, tashrif buyuruvchilarga qulaylik yaratish uchun bozorga kirish joylarida inson omilisiz ishlaydigan, avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi uskunalari o‘rnatilmoqda. Hokimlikka ko‘ra, bu kirish jarayonini shaffof va tezkor qilish imkonini beradi.

“Ushbu sa’y-harakatlar hududni rivojlantirish, tadbirkorlar uchun sharoitlarni yaxshilash va poytaxt aholisi uchun yanada qulay muhit yaratishga qaratilgan”, — deyiladi hokimlik munosabatida.

Shahar ma’muriyati fuqarolardan faqat rasmiy ma’lumotlarga tayanishni va tasdiqlanmagan xabarlarga ishonmaslikni so‘radi.

Ma’lumot uchun, majmuaning rasmiy nomi “Iste’molda bo‘lgan transport vositalari va ehtiyot qismlari Sergeli bozori” MCHJ hisoblanadi.

2018-yil iyun oyida poytaxtdagi “Sergeli” (avtomobil) va “Yangiobod” bozorlarini Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumaniga ko‘chirish rejalashtirilgani haqida xabarlar tarqalgandi. O‘shanda avtobozorni tumandan ko‘chirish masalasi aholiga tug‘dirayotgan noqulaylik bilan asoslangan. Bozor turar joy mavzelarini shahar markazi bilan bog‘lovchi yo‘lda tirbandliklarni keltirib chiqarayotgani aytilgan.

Shundan so‘ng tumanning o‘sha paytdagi hokimi Nozim Husanov avtomobil bozorining Toshkent chetiga ko‘chirilishini istamasligini bildirgan. Hokimning so‘zlariga ko‘ra, bu bozor tuman budjetiga yiliga 11 mlrd so‘m keltiradi.

2020-yilga kelib Sergeli avtomobil bozori hududida yangi Car Box Service rusumli avtomobillarga xizmat ko‘rsatish loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgani ma’lum bo‘ldi. Ushbu qaror prezident Shavkat Mirziyoyevning 29-may kuni Sergeli va Zangiota tumanlariga bo‘lgan tashrifi davomida davlat rahbari ma’muriyatining protokolidan joy olgan.

Hujjatda qayd etilishicha, bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiy rivojlanish va qashshoqlikni kamaytirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov va moliya vaziri Timur Ishmetovga ikki hafta ichida 32,2 mln dollarlik Car Box Service loyihasini amalga oshirish uchun hisob-kitoblarni ko‘rib chiqish topshirilgan. Biroq hujjat taqdiri noma’lumligicha qolmoqda.

Source: www.gazeta.uz